Braziliyada 6 kun ishlash va 1 kun dam olishni nazarda tutuvchi 6×1 tartibi bekor qilinib, 5×2 ish rejimiga o‘tiladi.

Prezident Luis Inasiu Lula da Silva 19-noyabr kuni 6×1 tartibini tugatish va ish vaqtini bosqichma-bosqich qisqartirishni tartibga soluvchi farmonni imzoladi. Yangi tartib 2026-yil 16-dekabrdan kuchga kiradi.

Yangi qoidaga ko‘ra, xodimlar haftasiga besh kun ishlaydi va ikki kun haq to‘lanadigan dam olish huquqiga ega bo‘ladi.

Haftalik ish vaqtining maksimal davomiyligi ham bosqichma-bosqich qisqartiriladi. 2026-yil 16-dekabrdan u 44 soatdan 42 soatga, 2027-yil 16-dekabrdan esa 40 soatga tushiriladi.

Islohot ish haqini kamaytirishni nazarda tutmaydi. Ish vaqti qisqarishiga qaramay, xodimlarning oylik maoshi va tegishli to‘lovlari saqlanadi.

Yangi tartib shahar va qishloq hududlarida ishlaydigan xodimlar, uy mehnati bilan shug‘ullanuvchilar va tegishli sharoitlarda ayrim boshqa ishchilar uchun ham qo‘llanadi.

Shu bilan birga, uzluksiz faoliyat talab qilinadigan ayrim sohalarda maxsus ish rejimlari saqlanishi mumkin. Masalan, shifoxonalar, parvarish xizmatlari va qo‘riqlash sohasida 12×36 jadvaliga ruxsat beriladi, biroq u yangi haftalik ish vaqti limitlariga muvofiqlashtirilishi kerak.

Ayrim ish rejimlari va kasblar bo‘yicha qo‘shimcha qoidalarni Braziliya Mehnat va bandlik vazirligi belgilaydi. Kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi jamoaviy kelishuvlar ham ish rejimini tartibga solishda davom etadi, lekin ular xodimlar uchun belgilangan konstitutsiyaviy kafolatlarni cheklay olmaydi.

Braziliya hukumati islohotni mehnat sharoitlarini yaxshilash, xodimlarning dam olish, oila, ta’lim va shaxsiy hayotiga ko‘proq vaqt ajratish imkonini yaratish bilan izohlamoqda.

Prezident Lula texnologik taraqqiyot va mehnat unumdorligining oshishi natijasida yuzaga kelgan yutuqlar ishchilarga ham ko‘proq dam olish vaqti ko‘rinishida yetib borishi kerakligini ta’kidlagan.

Hukumat, shuningdek, dam olgan xodimlarning unumdorligi va xizmat sifati yuqoriroq bo‘lishini islohotning asosiy sabablaridan biri sifatida ko‘rsatmoqda.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasiga o‘tkazilgani haqida yozgandi.