O‘zbekiston davlat banklarida avvalgi davrlardan qolgan muammoli kreditlar asosiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda, biroq balanslarni sog‘lomlashtirish va xorijiy valyutadagi kreditlar ulushini kamaytirish ishlari davom etmoqda. Bu haqda 27-oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan tadbirda agentlikning bank sektori direktori Pavel Kaptel ma’lum qildi.
Davlat siyosatini amalga oshiruvchi banklar, asosan, imtiyozli kreditlar portfeli hamda kichik va o‘rta biznes segmentidagi ko‘plab muammoli kreditlarni hisobdan chiqargan.
Shu bilan birga, O‘zsanoatqurilishbank va Asakabank kreditlarni tasniflash siyosatini kuchaytirdi. Natijada 2025-yilda hisobotlarda aks etgan qadrsizlangan kreditlar ulushi oshgan. Muammoli kreditlarni boshqa tashkilotlarga o‘tkazish va hisobdan chiqarish ushbu banklarning aktivlari sifatini o‘rta muddatda yaxshilashi kutilmoqda.
Kaptel bank sektorida dollarizatsiya darajasi sezilarli pasayganini ham qayd etdi. 2026-yilning birinchi yarmi yakunida xorijiy valyutadagi kreditlar jami kreditlarning 39% ini, xorijiy valyutadagi depozitlar esa jami depozitlarning 19% ini tashkil etgan. Har ikki ko‘rsatkich tarixiy eng past darajaga tushgan.
Biroq, valyuta xedjirlashining yo‘qligi sababli xorijiy valyutada kreditlash O‘zbekiston banklari uchun jiddiy xatar manbai bo‘lib qolmoqda.
Shu bilan birga, depozitlarning tez o‘sishi banklarning moliyalashtirish imkoniyatlarini yaxshilamoqda. 2026-yilning birinchi yarmida depozitlar yillik hisobda 27% ga oshgan. Natijada bank sektorida kreditlarning depozitlarga nisbati 2021-yil oxiridagi 209% dan 136% gacha pasaygan.
Shunga qaramay, Fitch ta’kidlashicha, davlat banklari hamon hukumat mablag‘lari va tashqi qarz jalb qilishga yuqori darajada bog‘liq.
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 13-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda prezident asosiy e’tiborni dollarlashuv darajasini kamaytirish va so‘mga bo‘lgan ishonchni oshirishga qaratganini qayd etgandi.
“So‘mga bo‘lgan ishonchni oshirish orqali biz, umuman, iqtisodiyotda ko‘proq so‘mda qarz olish, so‘mda kreditlash, shuningdek, aholining depozitlari va kreditlarini ham asosan so‘mga o‘tkazish masalasi ko‘tarildi”, — dedi Timur Ishmetov.
Uning ta’kidlashicha, xorijiy valyutadagi operatsiyalar va qarzlar bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirish orqali iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Avvalroq Spot O‘zbekistondagi yirik banklarni xususiylashtirish 2028-yilgacha kechiktirilishi mumkinligi haqida yozgan edi.