Xorijda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining pensiya stajini hisoblash masalalari pensiya islohoti loyihasini tayyorlash jarayonida o‘rganilgan. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi mutasaddilari 25-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Pensiya jamg‘armasi direktori o‘rinbosari Nuriddin Shodixo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, bu borada ikki yo‘nalishda ish olib borilmoqda.

Birinchi yo‘nalish — xorijda ishlayotgan fuqarolarga O‘zbekiston Pensiya jamg‘armasiga ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lash imkoniyatini berish. Amaldagi tartibga ko‘ra, fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar kabi minimal miqdorda, ya’ni 440 ming so‘m miqdorida badal to‘lashi mumkin.

Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, fuqaro O‘zbekistonga qaytganidan so‘ng uch yil davomida oldingi davr uchun ham ijtimoiy soliq to‘lashi mumkin. Bunda har bir yil uchun 440 ming so‘mdan badal to‘langan davr pensiya stajiga hisoblanadi.

mehnat migrantlari, pensiya, pensiya jamg'armasi, rossiya, pensiya islohoti

Ikkinchi yo‘nalish xorijiy davlatlar bilan pensiya ta’minoti bo‘yicha davlatlararo bitimlar tuzishni nazarda tutadi. Shodixo‘jayev Ozarbayjon va Qirg‘iziston bilan bunday bitimlar imzolanganini eslatib o‘tdi.

Ushbu kelishuvlarga muvofiq, O‘zbekiston fuqarosi, masalan, Ozarbayjonda 10 yil, O‘zbekistonda esa 5 yil rasmiy ishlagan bo‘lsa, har bir davlat fuqaroning o‘z hududida ishlagan davri uchun pensiya majburiyatlarini bajaradi. Ya’ni xorijda ishlangan davr uchun tegishli davlat, O‘zbekistonda ishlangan davr uchun esa O‘zbekiston pensiya to‘lovlarini amalga oshiradi.

“Biz hozirgi kunda O‘zbekiston fuqarolari ko‘plab ishlayotgan Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlar bilan ham xuddi shu bitim bo‘yicha ishlayapmiz, ya’ni fuqarolar, qaysi davlatda rasmiy ishlagan bo‘lsa, shu davlatda pensiyasiga chiqadi va biz, o‘zimiz ham [O‘zbekistonda] ishlangan davr uchun [pensiya tayinlaymiz]”, — dedi Nuriddin Shodixo‘jayev.

Migrantlar uchun pensiya badalini xorijdan to‘lash imkoniyati yaratiladi

Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori Murodbek Atadjanovning aytishicha, xorijda ishlayotgan fuqarolar uchun Migrant pensiya ilovasini ishlab chiqish ustida ish olib borilmoqda.

Buning uchun Markaziy bank, tijorat banklari, Asterium, Telegram Wallet hamda transchegaraviy pul o‘tkazmalari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar bilan muzokaralar o‘tkazilgan.

mehnat migrantlari, pensiya, pensiya jamg'armasi, rossiya, pensiya islohoti

Uning qayd etishicha, hozir xorijda ishlayotgan fuqarolarning ijtimoiy soliq to‘lashi uchun huquqiy asos mavjud, biroq uni xorijdan turib amalga oshirishning texnik imkoniyati yo‘q. Hozir ushbu mexanizmni yaratish ustida ish olib borilmoqda.

Rejaga ko‘ra, migrantlar xorijda bo‘lgan vaqtida o‘sha davlatdagi ilova yoki to‘lov tizimi orqali pensiya badalini to‘lashi, mablag‘ esa O‘zbekiston Pensiya jamg‘armasiga yetib borishi mumkin bo‘ladi.

“Xudo xohlasa, yaqin kunlarda bu bo‘yicha tegishli hujjatlarni kiritib, [amaliyotga] chiqaramiz”, — deya xulosa qildi Atadjanov.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda o‘rtacha pensiya miqdori 1,69 mln so‘mga yetgani haqida yozgandi.