Iqtisodiyot va moliya vazirligi nima uchun 2030-yilgacha ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlarni bekor qilish rejalashtirilayotganini tushuntirdi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

25-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan pensiya islohoti loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida vazir o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov imtiyozlar bosqichma-bosqich bekor qilinishini bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu imtiyozlar hukumatning turli qarorlari asosida sohalarni qo‘llab-quvvatlash uchun berilgan. Olib borilgan xatlov jarayonida eng yakuniy imtiyozlarning amal qilish muddati 2030-yilda tugashi ma’lum bo‘lgan. Shundan kelib chiqib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi muddat 2030-yilgacha deb belgilangan.

“Agar imtiyozning amal qilish muddati 2027-yilda tugaydigan bo‘lsa, u amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq 2027-yildan boshlab bekor qilinaveradi”, — deya aniqlik kiritdi Fozilkarimov.

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari ijtimoiy soliq Pensiya jamg‘armasi daromadlarining muhim manbai ekanligini, uning taqchilligi 26% ni tashkil etishini ta’kidladi. Daromadlar va xarajatlar o‘rtasidagi salbiy farq o‘z navbatida davlat byudjetidan transfertlar hisobiga qoplanadi.

2025-yilda 65 mingta korxonaga jami 3,2 trln so‘mlik ijtimoiy soliq imtiyozlari berilgan. Hozir ayrim korxonalarda 12% lik ijtimoiy soliq stavkasi 1% yoki 0% gacha pasaytirilgan. Vazirlikka ko‘ra, bu bir xil ish haqi oluvchi xodimlar uchun jamg‘armaga tushumlarda farq yuzaga kelishi va sog‘lom raqobat buzilishiga olib kelmoqda.

Iyul oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti ijtimoiy soliq bo‘yicha 1% lik imtiyozni qayta ko‘rib chiqishni taklif qilgan edi. Unga ko‘ra, 2022−2024-yillarda kompaniyalarning 30% ga yaqini imtiyozdan foydalana olgan.

Imtiyozning taqsimlanishi notekis bo‘lib chiqdi — eng yirik kompaniyalarning 10% i barcha qo‘llab-quvvatlash summasining 80% ini oldi. Qolgan 90% korxonalarga faqat 20% to‘g‘ri keldi. Imtiyoz biznesning soyadan chiqishini va yangi ish o‘rinlari yaratilishini rag‘batlantirishi kerak edi. Biroq, institut versiyasiga ko‘ra, undan asosan qonuniy ishlayotgan yirik ish beruvchilar foyda ko‘rgan.

Avvalroq Spot o‘zini o‘zi band qilganlar uchun ijtimoiy soliq to‘lashni majburiy qilish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.