Shavkat Mirziyoyev 10-noyabr kuni kredit xizmatlari reklamasini tartibga soluvchi qonunni (O‘RQ-1187) imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Hujjat mart oyida Qonunchilik palatasida birinchi va ikkinchi o‘qishdan o‘tgan, avgust oyida esa Senat tomonidan ma’qullangan.

Qayd etilishicha, u kredit va mikroqarz reklamalarida moliyaviy xatarlar haqida ogohlantirish majburiy bo‘ladi.

“Reklama to‘g‘risida"gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, reklamada qarz majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xatarlarga olib kelishi mumkinligi ko‘rsatilishi kerak.

Bunda ogohlantirish reklamaning umumiy maydoni yoki efir vaqtining kamida 10% ini egallashi lozim.

2025-yilning sentabrida Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati boshlig‘i Bahodir Mirzayev kreditlarni reklama qilishda xatarlar haqida ogohlantirish berish taklif etilayotganini Spot’ga ma’lum qilgandi.

Regulyator “Reklama to‘g‘risida"gi qonunga iste’molchilarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xizmatlar bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritishni taklif etdi. Reklamada kelajakdagi xarajatlar va moliyaviy qiyinchiliklar bilan bog‘liq xavf-xatarlarni ko‘rsatish ko‘zda tutilmoqda.

Masalan, kreditlar bo‘yicha to‘lovlarning kechiktirilishi kredit tarixini buzib, yangi kreditlar olishni qiyinlashtirishi yoki ularning shartlarini yomonlashtirishi mumkin. Bu o‘z navbatida foiz stavkasining oshishiga ham olib keladi.

Shavkat Mirziyoyev joriy yil iyul oyida davlat xizmatlarini yaxshilash va aholiga qulayliklar yaratish bo‘yicha qaror imzolagandi. Unga ko‘ra, jismoniy shaxslar uchun kreditlar va bo‘lib-bo‘lib to‘lashning har qanday reklamasi tovarlar va xizmatlarning asosiy qiymatiga nisbatan ortiqcha to‘lov to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shuningdek ularning yakuniy qiymatini o‘z ichiga olishi kerak.

Moliyaviy xizmatlar reklamasida kelgusidagi samaradorlik (daromadlilik)ni, agar uni moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzish paytida aniqlash mumkin bo‘lmasa, kafolatlash taqiqlanadi. Mikroqarzlarni rasmiylashtirish to‘g‘risidagi shartnomalarga ogohlantiruvchi matnlar qo‘shiladi.

Sentabr oyi oxirida Markaziy bank kredit reklamasi va bank shartnomalariga qo‘yiladigan talablarni tasdiqladi.

Reklamada banklar kredit bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik iste’molchi uchun moliyaviy xatarlarga olib kelishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirish joylashtirishi lozim.


Avvalroq Spot Markaziy bank 2027-yildan kredit to‘lovlarini avtomatik yechib olishni cheklashi haqida yozgandi.