Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (biznes ombudsman) “Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Loyihaga ko‘ra, davlat organi va tadbirkor o‘rtasidagi munosabatlarda tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi amal qiladi. Tekshiruv uchun qonuniy asos borligini, qoidabuzarlik faktini va qo‘llanayotgan choraning asosli ekanini nazorat qiluvchi organ isbotlashi shart.
Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyat va noaniqliklar, shuningdek, isbotlanmagan shubhalar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi. Majburiy talablarning yagona elektron reyestriga kiritilmagan talabning bajarilmagani tekshiruv yoki chora ko‘rish uchun asos bo‘la olmaydi.
Tekshiruv qachon boshlanadi?
Tekshiruv uchun “Xavfni tahlil etish” elektron tizimining natijalari, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, davlat organlarining ma’lumotlari hamda OAV va internetdagi xabarlar asos bo‘lishi mumkin.
Anonim murojaatlar, shuningdek, qoidabuzarlikning aniq fakti ko‘rsatilmagan murojaatlar tekshiruv uchun asos bo‘lmaydi. OAV va internetdagi ma’lumotlar esa avval asosliligi va ishonchliligi tekshirilishi kerak.
Murojaat va boshqa ma’lumotlar faqat kelib tushgan kundan boshlab bir oy ichida tekshiruv uchun asos bo‘lishi mumkin. Xavf tahlili natijalari bo‘yicha esa avval profilaktika tadbirlari o‘tkaziladi: tadbirkorga talablar tushuntiriladi va kamchiliklarni ixtiyoriy bartaraf etishga imkon beriladi. Tekshiruv shundan keyingina boshlanadi. Bu tartib soliq bazasini yashirish holatlari bo‘yicha soliq tekshiruvlariga tatbiq etilmaydi.
Xavf tahlili asosidagi tekshiruv haqida tadbirkor “Yagona davlat nazorati” tizimidagi shaxsiy kabineti orqali kamida 10 ish kuni oldin xabardor qilinadi. Bu qoida soliq bazasini yashirish bo‘yicha soliq tekshiruvlari, yong‘in xavfsizligi va mehnat inspeksiyasi tekshiruvlariga tatbiq etilmaydi.
Davlat organlariga nazorat tadbirlarini “o‘rganish”, “xatlov”, “reyd”, “kuzatuv” yoki “ishchi guruh” kabi boshqa nomlar ostida, qonundagi tartibni chetlab o‘tib o‘tkazish taqiqlanadi.
Muddatlar va tartib
- Oddiy tekshiruv 10 kalendar kundan, moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish 30 kalendar kundan oshmasligi kerak.
- Shoshilinch tekshiruvlar bir ish kunidan oshmasligi kerak, ularni uzaytirish mumkin emas.
- Moliya-xo‘jalik faoliyatini faqat soliq va bojxona organlari tekshirishi mumkin.
- Bir organning oldingi tekshiruvdan keyingi 12 oy ichidagi navbatdagi tekshiruvi takroriy hisoblanadi va qonunda belgilangan hollarda vakolatli organning ruxsatini talab qiladi.
Tekshiruvchi tekshiruvni boshlashdan oldin “Biznes himoya” QR-kodini skanerlab, tekshiruvni elektron ro‘yxatga olish kitobiga kiritishi shart. Tekshiruvni faqat attestatsiyadan o‘tgan va elektron maxsus guvohnomaga ega mansabdor shaxs o‘tkazishi mumkin.
Davlat organlarining axborot tizimlarida bor va idoralararo almashinuv orqali olish mumkin bo‘lgan hujjatlarni tadbirkordan talab qilish taqiqlanadi. Tekshiruv paytida jarima va boshqa to‘lovlarni naqd pulda undirish ham mumkin emas.
Inspektorlar uchun cheklovlar
Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini aniqlangan qoidabuzarliklar, solingan jarimalar soni yoki miqdori bilan baholash hamda bu ko‘rsatkichlarni ish haqi, ustama yoki mukofotga bog‘lash taqiqlanadi.
Organlar faoliyati samaradorligi har yili 1-fevralgacha reyting shaklida e’lon qilinadi.
Bir yil ichida bir tadbirkor bilan ikki yoki undan ortiq marta asossiz xizmat muloqotiga kirishgan inspektor oxirgi muloqotdan keyingi 12 oy davomida shu tadbirkorni tekshira olmaydi. Inspektorda manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lsa, masalan, u tadbirkorga qarindosh bo‘lsa, tadbirkor uni tekshiruvdan chetlatishni talab qilishi mumkin.
Tekshiruv va tadbirkorlar bilan muloqot tartibini muntazam buzadigan inspektorlar uchun “Insofsiz tekshiruvchilar reyestri” yuritiladi.
Tadbirkor huquqlari
Tekshiruv qonun buzilgan holda o‘tkazilayotgan bo‘lsa, masalan, ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bo‘lsa, tadbirkor inspektorni o‘z hududiga kiritmaslik huquqiga ega.
Tadbirkor tekshiruv dalolatnomasini olgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida e’tiroz, hujjat va dalillarini taqdim etishi mumkin. Tekshiruvni o‘tkazgan inspektorning o‘zi uning natijalari bo‘yicha yakuniy qaror qabul qila olmaydi.
Faoliyatni cheklash yoki to‘xtatish faqat qonunda shunday vakolat berilgan va inson hayoti, sog‘lig‘i, jamoat xavfsizligi yoki atrof-muhitga bevosita xavf bo‘lgan hollarda qo‘llanadi. Agar xavfni alohida uskuna, ishlab chiqarish uchastkasi yoki jarayonni cheklash orqali bartaraf etish mumkin bo‘lsa, butun korxona faoliyati to‘xtatilmaydi.
Tadbirkorning shikoyat qilgani unga nisbatan yangi tekshiruv o‘tkazish, tekshiruv doirasini kengaytirish yoki qo‘shimcha hujjat talab qilish uchun asos bo‘la olmaydi.
Qonunga xilof tekshiruvlar
Ro‘yxatdan o‘tkazilmagan, muddatidan tashqari yoki vakolatsiz organ tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar qonunga xilof deb topiladi. Bunday tekshiruv natijalari yuridik kuchga ega bo‘lmaydi, unda olingan hujjat va dalillar esa tadbirkorga nisbatan chora ko‘rish uchun asos bo‘la olmaydi.
Majburiy bo‘lgan holatlarda bodi-kamerani ataylab yoqmaslik yoki videoyozuvni o‘chirish ham tekshiruvni qonunga xilof deb topish uchun asos bo‘ladi.
Muhokama 25-noyabrgacha davom etadi.
Avvalroq kichik biznes va o‘zini o‘zi band qilganlarga mikrokredit ajratish kengaytirilishi haqida xabar berilgandi.