O‘zbekistonda 45 turdagi oziq-ovqat va iste’mol mahsulotlari importiga bojxona bojining nol stavkasini 2028-yilgacha uzaytirish, yana to‘qqiz turdagi mahsulot uchun esa amaldagi imtiyozlar muddati tugagach, ularni qayta uzaytirmaslik taklif etildi. Bu Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ishlab chiqqan prezident qarori loyihasida nazarda tutilgan. Hujjat 27-oktabr kuni prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Jamoatchilik kengashi yig‘ilishida muhokama qilindi.
Vazirlik Tashqi savdo departamenti Savdo siyosati boshqarmasining tarif va notarif tartibga solish bo‘limi boshlig‘i Sarvarxo‘ja G‘anixo‘jayev hozir 56 turdagi asosiy oziq-ovqat va iste’mol mahsulotlariga import bojxona bojlari bekor qilinganini qayd etdi. Ushbu imtiyozlar 2027-yil 1-yanvargacha amal qiladi.
Loyihaga ko‘ra, 45 turdagi mahsulotga imtiyozlar to‘liq, yana ikkita tovar pozitsiyasiga esa qisman saqlab qolinib, 2028-yil boshigacha uzaytiriladi. Quyultirilgan sut va qaymoq, yogurt, pishloq va tvorog, olma, nok va behi, shakarli qandolat mahsulotlari, shokolad, makaron, mineral va gazlangan suvlar hamda alkogolli ichimliklar uchun esa amaldagi muddat tugagach, bojxona bojining nol stavkasi uzaytirilmaydi.
G‘anixo‘jayevning ta’kidlashicha, bu mahsulotlar bo‘yicha mahalliy ishlab chiqarish hajmi va ichki bozor talabini qondirish imkoniyatlari tahlil qilingan. Xususan, quyultirilgan sut va qaymoq ishlab chiqaruvchi 84 ta korxona 2026-yilning yanvar-avgust oylarida 82 ming tonna mahsulot ishlab chiqargan, import hajmi esa 15 ming tonnani tashkil etgan. Yogurt ishlab chiqaruvchi 77 ta korxona esa shu davrda 50,2 ming tonna mahsulot tayyorlagan. Import 9,8 ming tonnaga yetgan.
Sarvarxo‘ja G‘anixo‘jayev (o‘rtada). Foto: Skrinshot
Imtiyozlar doimiy bo‘lishi kerak
Jamoatchilik kengashi a’zosi, iqtisodchi Otabek Bakirov ushbu taklifga e’tiroz bildirdi. Uning fikricha, ayrim mahsulotlar uchun imtiyozlarni bekor qilish iqtisodiy va moliyaviy jihatdan yetarlicha asoslanmagan. U ro‘yxatdan mahsulotlarni chiqarish o‘rniga, uni kengaytirish va nol stavkali bojxona imtiyozlarini doimiy belgilash tarafdori ekanini bildirdi.
“Har yili bir yilga uzaytirish noto‘g‘ri usul. Bu ishlab chiqaruvchilar, iste’molchilar va importchilar uchun juda noto‘g‘ri signallar beradi. Barcha o‘zbekistonliklar 29−30 dekabrni imtiyozlar uzaytiriladimi yoki yo‘qmi, degan noaniqlikda kutadi”, — dedi Bakirov.
Uning qayd etishicha, loyihada ayrim ishlab chiqaruvchilar uchun bojxona imtiyozlari 2030-yilgacha uzaytirilayotgan bir paytda, iste’mol tovarlari uchun imtiyozlarni atigi bir yilga uzaytirish va ayrim mahsulotlarni ro‘yxatdan chiqarish bir xil yondashuv hisoblanmaydi. Shundan kelib chiqib, iqtisodchi bu mahsulotlarga nol bojxona stavkalarini qoldirishni va imtiyozni kamida uch yilga uzaytirishni taklif qildi.
Korzinka supermarketlar tarmog‘i asoschisi hamda Savdo va xizmat ko‘rsatish assotsiatsiyasi raisi Zafar Hoshimov ham Bakirovning e’tirozlarini qo‘llab-quvvatladi. Uning fikricha, mahalliy ishlab chiqarish hajmining yuqoriligi ichki bozor talabi to‘liq qondirilayotganini anglatmaydi. Mahsulotning bir qismi qayta ishlanishi, saqlash jarayonida yo‘qotilishi yoki boshqa maqsadlarda ishlatilishi mumkin.
Hoshimov import bojlarining oshirilishi nafaqat chetdan keltiriladigan, balki mahalliy mahsulotlar narxiga ham ta’sir qilishini ta’kidladi.
“Importdan kelayotgan olma 20% ga oshsa, men bugun sotib turgan narximni ham 20% ga oshiraman. Chunki raqobat bermaydi”, — dedi u.
Uning qayd etishicha, oziq-ovqat mahsulotlari oddiy oilalar xarajatlarining qariyb 40% ini tashkil etadi. Shu bois bojxona siyosatidagi o‘zgarishlar aholi daromadlari va xarid qobiliyatini hisobga olgan holda baholanishi kerak.
Zafar Hoshimov. Foto: Savdo-sanoat palatasi
Hoshimov imtiyozlarni har yili yil oxirida uzaytirish yoki uzaytirmaslik masalasi hal qilinishi bozorda sun’iy taqchillik va narxlar oshishi xavfini kuchaytirishini ham ta’kidladi. Uning aytishicha, importchilar va savdo korxonalari boj stavkalari o‘zgarishi mumkinligidan xavotirlanib, mahsulotlarni sotishni kechiktirishi yoki yetkazib beruvchilar narxlarni oldindan oshirishi mumkin.
“Har yili shu oxirgi momentda bo‘lgani uchun biz qandaydir shok terapiyasi bilan yashaymiz. Hali boj oshmagan bo‘lsa ham, oshib qolishi mumkin degan xavotirning o‘zi narxlarni ko‘taradi”, — dedi tadbirkor.
U bojxona siyosatini oldindan ma’lum qilinadigan va shaffof qoidalar asosida yuritish zarurligini bildirdi. Jumladan, imtiyozlar muddatini bir necha yilga belgilash, o‘zgarishlar haqida esa oldindan, masalan, olti oy avval xabar berish kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha, bunday yondashuv biznes va iste’molchilarga rejalashtirish imkonini beradi hamda inflyatsion kutilmalarning sun’iy oshishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Bahrom Maxmatrayemov ham ayrim mahsulotlarni imtiyozlar ro‘yxatidan chiqarishdan oldin bozorni batafsil o‘rganish zarurligini bildirdi. Xususan, mahalliy ishlab chiqarish, import va iste’mol hajmi, narxlar dinamikasi hamda bozor ehtiyojlari bo‘yicha to‘liq tahlil tayyorlash kerakligi qayd etildi.
Loyiha vazirlikka qaytariladi
Muhokama davomida kengash a’zosi Shokir Bokiyev ham oziq-ovqat mahsulotlari importiga bojxona imtiyozlarini uzaytirmaslik taklifiga e’tiroz bildirdi. Uning ta’kidlashicha, chorvachilikdagi muammolar va yaylovlardan foydalanish imkoniyatlarining qisqarishi sut hamda go‘sht mahsulotlari taklifiga ta’sir qilmoqda.
Xususan, joriy yilda chorva mollari orasida oqsil kasalligi tarqalishi sababli sut mahsulotlari do‘kon peshtaxtalarida kamaygan. Bundan tashqari, ekoturizmni rivojlantirish doirasida ayrim yaylovlardan foydalanish cheklangani tog‘li hududlarda chorva sonining qisqarishiga olib kelgan.
Bokiyevning fikricha, bunday sharoitda sut va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari importiga bojlarni oshirish ichki bozorda narxlarning yanada ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
“Bojni ko‘tarib yuborsak, mahsulotlar yana ham qimmatlashib ketadi va xalqning sho‘rini quritib qo‘yamiz. […] Shuning uchun bu [qarorni qabul qilishdan] oldin barcha jihatlarni o‘ylab, statistikani to‘liq hisobga olish kerak”, — dedi u.
Muhokamada boshqa kengash a’zolari ham loyiha yetarli iqtisodiy va moliyaviy tahlillar bilan asoslanmaganini ta’kidladi. Ularning fikricha, faqat ishlab chiqarish hajmiga qarab qaror qabul qilish yetarli emas. Mahalliy korxonalarning uzluksiz xomashyo bilan ta’minlanishi, ish o‘rinlari, budjet tushumlari hamda ulgurji savdoga ta’siri ham o‘rganilishi lozim.
Foto: Savdo-sanoat palatasi
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakili Sarvarxo‘ja G‘anixo‘jayev loyiha hali Adliya vazirligiga kiritilmaganini bildirdi. Uning aytishicha, Biznes-ombudsman va Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasi ham hujjat bo‘yicha o‘z taklif va e’tirozlarini taqdim etgan. Vazirlik ushbu tashkilotlar bilan loyihani qayta ko‘rib chiqmoqda.
Yig‘ilish yakunida Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Bahrom Maxmatrayemov yetarli asoslantiruvchi tahlillar va ma’lumotlar taqdim etilmagani sababli loyihani qayta ishlash uchun vazirlikka qaytarishni taklif qildi. Bunda tadbirkorlar bilan qo‘shimcha muhokamalar o‘tkazish va kengash a’zolari bildirgan e’tirozlarga to‘liq javob tayyorlash zarurligi qayd etildi.
Bildirilgan taklif va e’tirozlarni bayonnomaga kiritib, tegishli vazirlik va idoralarga yuborish taklif qilindi.
Yana nimalar taklif qilindi?
Loyiha boshqa yo‘nalishlardagi imtiyozlarni ham qamrab oladi. Jumladan, sanoatning turli tarmoqlarida ishlatiladigan 82 turdagi xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar, shuningdek, to‘qimachilik sanoati uchun 47 turdagi xomashyo, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlarga import bojxona boji bo‘yicha imtiyozlarni 2030-yil 1-yanvargacha uzaytirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, eksport tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida 2027-yil 1-apreldan 1-oktabrgacha sinov tariqasida uchta hujjat — veterinariya sertifikati, sanitariya-epidemiologiya xulosasi va fitosanitariya sertifikati o‘rniga yagona salomatlik sertifikatini joriy etish taklif qilindi.
Bunda eksport qiluvchilar uchta sertifikat olish uchun alohida murojaat qilish o‘rniga, bitta umumlashtirilgan elektron ariza topshiradi. Mahsulotdan bir marta namuna olinib, tegishli laboratoriyalarga bir vaqtning o‘zida yuboriladi. Barcha tekshiruvlar ijobiy yakunlansa, yagona salomatlik sertifikati beriladi.
Muhokama davomida Otabek Bakirov respublikada ishlab chiqarilgan elektrobus va gibrid avtobuslarni utilizatsiya yig‘imidan ozod qilish hamda ular uchun ehtiyot qismlar importiga bojxona imtiyozlari berish taklifiga ham qarshi chiqdi.
Avvalroq Spot UzBev shakar importiga 300 ming tonnalik kvota joriy etilishiga qarshi chiqqani haqida yozgan edi.


