ChatGPT foydalanuvchilari akkauntlarning asossiz bloklanishidan shikoyat qilmoqda. Ular yozishmalarni mutaxassislar tomonidan qo‘lda tekshirtira olmayapti.

Masalan, ayrim foydalanuvchilarning akkauntlari tanishuv ilovasi va 3D zarrachalar modeli yaratganidan keyin “bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik” bilan bog‘liq qoidabuzarlik sababli bloklangan.

Foydalanuvchilar Reddit’dagi maxsus muhokama mavzusida bloklanish holatlari bo‘yicha shikoyatlarni to‘plamoqda, shuningdek, OpenAI forumida murojaatlar qoldirmoqda.

Ayrim foydalanuvchilar bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik va “saylovlarga aralashish” mavzularini muhokama qilgani uchun bloklangan. Biroq ular oddiy yozishmalar olib borgan yoki universitetdagi o‘qishi uchun yordam so‘raganini aytmoqda.

Ba’zi foydalanuvchilar OpenAI yozishmalarni tekshirish uchun sun’iy intellekt tizimidan foydalanayotganini va ushbu tizimda nosozlik yuz bergan bo‘lish i mumkinligini taxmin qilmoqda. Boshqalar esa qariyb bir oydan beri mutaxassislar tomonidan qo‘lda tekshiruv o‘tkazilishiga erisha olmayotganini bildirmoqda.

Masalan, 2026-yil 7-noyabr kuni ChatGPT Pro obunachisi va kiberxavfsizlik sohasidagi tasdiqlangan mutaxassislar uchun mo‘ljallangan Daybreak Blue dasturi ishtirokchisi akkaunti haqida shikoyat qilgan. Uning aytishicha, akkaunti hech qanday ogohlantirishsiz o‘chirib qo‘yilgan va kompaniya unga buning sababini tushuntiruvchi xat ham yubormagan.

bloklash, chatgpt, openai

Shu kuni yana bir foydalanuvchi bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik materiallari bilan bog‘liq qoidabuzarlik sababli akkaunti umrbod bloklanganidan shikoyat qilgan. Uning ta’kidlashicha, u qiziga psixologik yordam ko‘rsatish uchun maslahat so‘ragan.

Apellyatsiya yuborilganidan 30 daqiqa o‘tib, kompaniya yozishmalarni “sinchiklab o‘rganib chiqqani” va akkauntni tiklamasligini bildirgan. Ayol kompaniya yozishmalarni shu qadar qisqa vaqt ichida sun’iy intellekt yordamida tekshirgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Yana bir foydalanuvchi Codex’da zarrachalar harakati simulyatsiyasini sozlayotgan vaqtda xuddi shu — bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik mavzusi bilan bog‘liq sababga ko‘ra bloklanganini aytgan.

Janubiy Koreyalik dasturchi esa shaxsiyat turlariga asoslangan tanishuv ilovasini yaratganidan keyin “bolalarni jinsiy jihatdan tasvirlash” qoidabuzarligi sababli bloklangan. Uning ta’kidlashicha, ilovada yosh chegarasi 20 yoshdan boshlangan.

Apellyatsiya shu kunning o‘zida rad etilgan. Qo‘llab-quvvatlash xizmati bloklanishga sabab bo‘lgan aniq so‘rovni ko‘rsatmagan, faqat yakuniy qaror haqida “shablon xabarlar” yuborgan. Dasturchi qoidalarni buzmaganini, ikki nafar o‘g‘li borligini ta’kidlagan.

Tibbiyot fakulteti talabasi ham ChatGPT’dan ilmiy va o‘quv ishlari uchun foydalanganiga qaramay, qoidalarni buzganlikda ayblanib, akkaunti bloklanganini ma’lum qilgan. U ikki marta apellyatsiya topshirib, akkauntini qo‘lda tekshirishni so‘ragan, biroq javob olmagan.

Yana bir foydalanuvchi rafiqasining yangi akkaunti “bir xil qoidabuzar” tomonidan bir nechta profil orqali qoidalar takroran buzilgani sababli bloklanganini ta’kidlamoqda.

Uning o‘z akkaunti bundan oldin straykbol qurollari do‘koni uchun mahsulot kartochkalarini yaratgani sababli bloklangan. Biroq uning aytishicha, rafiqasi boshqa telefon, o‘zining Google akkaunti va bank kartasidan foydalangan.

Ularni faqat Barselonadagi umumiy IP-manzil birlashtirgan. Apellyatsiyalar esa bir necha daqiqa ichida avtomatik ravishda rad etilgan.

Reddit’da “saylovlarga aralashish” bilan bog‘liq sabablar tufayli bloklangan foydalanuvchilar ham shikoyat qilmoqda. Ulardan biri AQSHda 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan oraliq saylovlar vaqtida saylov kampaniyalarini moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonunni muhokama qilgan.

OpenAI forumidagi foydalanuvchilar kompaniya taqiqlangan kontentni aniqlash algoritmini o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda. Ular hozirgi vaziyatni 2026-yil iyun oyida yuz bergan “asossiz bloklanishlar” to‘lqini bilan taqqoslamoqda. O‘shanda kompaniya xatolarga yo‘l qo‘yilganini tan olgan va ayrim akkauntlarni qayta tiklagan.

Bloklangan yana bir dasturchi esa tizim uning ChatGPT va Codex’ga VPN orqali, turli IP-manzillardan kirganini aniqlagan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan. OpenAI qo‘llab-quvvatlanmaydigan mamlakatlardan, jumladan, Rossiyadan xizmatga kirishga cheklovlar qo‘ygan.

Hozircha Rossiyadagi ChatGPT foydalanuvchilari 2026-yil oktabr oyi boshida va oxirida Claude foydalanuvchilari orasida kuzatilganidek, ommaviy bloklanishlar haqida xabar bermayapti.

O‘shanda Rossiya va Gonkongdagi Claude foydalanuvchilari, keyinchalik esa Rossiya va Xitoydagi foydalanuvchilar akkauntlari pasport tekshiruvidan so‘ng bloklangani haqida shikoyat qilgan edi.


Avvalroq Spot ChatGPT matn yoki surat asosida GIF yaratishni o‘rgangani haqida yozgandi.

Animatsiya tezligini o‘zgartirish, kadrlarni ko‘rish va tahrirlash, shuningdek, tayyor GIF’ni ulashish mumkin.