Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi fuqarolarni ko‘p qavatli uylar atrofidagi umumiy hududlarni o‘zboshimchalik bilan egallamaslikka chaqirdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Vazirlikning ta’kidlashicha, uylar atrofidagi umumiy foydalanishdagi maydonlarni o‘rab olish, turli to‘siqlar o‘rnatish va noqonuniy qurilmalar qurish holatlari hamon kuzatilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-moddasiga ko‘ra, bu huquqbuzarlik uchun fuqarolarga BHMning 50 baravarigacha (22 mln so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 100 baravari (44 mln so‘m) miqdorida jarima solinishi mumkin.

Vazirlik ko‘p qavatli uy atrofidagi hududlar uydagi barcha mulkdorlarning umumiy manfaatlariga xizmat qilishi kerakligini eslatdi. Hududning bir qismi o‘rab olinsa, qolgan aholi bolalar o‘yin maydoni, avtomobil to‘xtash joyi va bemalol harakatlanish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.

Bundan tashqari, bunday to‘siqlar favqulodda vaziyatlarda yong‘in-qutqaruv, tez tibbiy yordam va boshqa maxsus xizmatlar texnikasining uyga yetib borishini qiyinlashtirishi mumkin. Vazirlik, shuningdek, ayrim fuqarolar umumiy hududlarni o‘rab olgach, ularni obodonlashtirmasdan tashlab qo‘yayotganini qayd etdi.

Toshkent shahar hokimligi “15 daqiqali qulay muhit” loyihasi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Loyiha aholining kundalik ehtiyojlarini piyoda qatnov masofasida ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, uning doirasida bog‘cha, maktab, poliklinika va maishiy xizmat ko‘rsatish maskanlari aholiga yashash joyiga yaqin hududlarda joylashtiriladi.

Asosiy o‘zgarishlardan biri — avtomobil yo‘laklari va avtoturargohlarni ko‘p qavatli uylarning ichki hovlisidan tashqariga chiqarish hisoblanadi. Bo‘shagan hududlarda bolalar o‘yingohlari, sport maydonchalari hamda aholi hordiq chiqaradigan sersoya xiyobonlar va yo‘laklar barpo etiladi.

Ta’kidlanishicha, Toshkent shahrida 2027-yilda 100 ta, 2030-yilga borib esa jami 400 ta mahallani kompleks yangilash rejalashtirilgan.

Avvalroq Spot Toshkentda 720 dan ortiq ko‘p qavatli uy ruxsatsiz qurilgani haqida yozgan edi.