Maqolada keltirilgan ma’lumotlar va narxlar e’lon qilingan vaqtda amal qiladi. Keyinchalik ular o‘zgarishi mumkin.


01

Haydovchilik guvohnomasi toifalari

O‘zbekistonda qaysi transportni boshqarish mumkinligi guvohnomadagi toifaga bog‘liq. Toifa transport vositasining turi va texnik xususiyatlariga qarab belgilanadi va har biri uchun alohida yosh chegarasi mavjud.

Toifa
Necha yoshdan
Qaysi transport uchun
A1
16 yoshdan
Moped, skuter va qonunchilikda A1 toifasiga kiritilgan kichik mototransport vositalari
A
16 yoshdan
Mototsikl va elektromototsikllar
B
18 yoshdan
To‘la vazni 3 500 kg gacha, haydovchidan tashqari o‘rindiqlari soni 8 tadan oshmaydigan avtomobillar.
C
18 yoshdan
To‘la vazni 3 500 kg dan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari
D
21 yoshdan
Haydovchidan tashqari o‘rindiqlari 8 tadan ortiq bo‘lgan avtobus va mikroavtobuslar
BE
19 yoshdan (18 yoshdan + oxirgi 12 oylik staj)
Og‘ir tirkamali avtomobillar (B toifasi kerak)
CE
19 yoshdan (18 yoshdan + oxirgi 12 oylik staj)
Tirkamali va yarim tirkamali yuk avtomobillari (C toifasi kerak)
DE
22 yoshdan (21 yoshdan + oxirgi 12 oylik staj)
Tirkamali yoki bo‘g‘imli avtobuslar (D toifasi kerak)

Tirkamali transportga mo‘ljallangan BE, CE va DE toifalarini olish uchun oxirgi 12 oy davomida tegishli asosiy toifada haydagan bo‘lish kerak. Shundan so‘ng o‘quv tashkilotida qayta tayyorgarlikdan o‘tib, amaliy imtihon topshiriladi.

A, B, C yoki D toifali guvohnoma bilan moped va skuterni ham boshqarsa bo‘ladi, A1 toifasini alohida olish shart emas.

02

Nimalar o‘zgardi?

2026-yilda guvohnoma olish tartibida bir qator o‘zgarishlar kuchga kirdi. Ularning bir qismi jarayonni soddalashtirgan bo‘lsa, boshqalari uni qimmatlashtirdi.

  • 1-yanvardan moped va skuterlar uchun A1 kichik toifasi joriy etildi. Bu toifani olmoqchi bo‘lganlar avtomaktabda o‘qimasdan, mustaqil tayyorlanib imtihon topshirishi mumkin.
  • 6-yanvardan Yagona imtihon markazlarida imtihon narxi 50% ga oshirildi. Endi har bir imtihonni birinchi marta topshirish 1,5 mln so‘m (avval 1 mln so‘m edi), qayta topshirish esa 1,6 mln so‘m (avval 1,2 mln) turadi.
  • 1-fevraldan A va B toifalari bo‘yicha nazariyani mustaqil o‘rganishga ruxsat berildi. Biroq amaliy mashg‘ulotlarni avtomaktabda o‘tish majburiyligicha qolmoqda.
  • 1-sentabrdan bazaviy hisoblash miqdori (BHM) 412 ming so‘mdan 440 ming so‘mga oshdi. Guvohnoma va ma’lumotnomalar narxi BHMga bog‘langani sababli ular ham qimmatladi.

Shu bilan birga, moped va skuterlar endi ro‘yxatdan o‘tkazilishi va davlat raqamiga ega bo‘lishi kerak, ularni boshqarayotgan shaxsda esa tegishli toifadagi guvohnoma bo‘lishi shart.

03

083/h ma’lumotnomasini qanday olish mumkin?

Guvohnoma olish yo‘lidagi birinchi qadam — transport boshqarishga layoqatli ekaningizni tasdiqlovchi 083/h shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma. Bu hujjat avtomaktabga yozilishda ham so‘raladi.

Tibbiy ko‘rikdan davlat tibbiyot muassasasida yoki litsenziyaga ega xususiy klinikada o‘tiladi. Unga pasport yoki ID-karta, shuningdek narkologiya va ruhiy kasalliklar dispanserlari hisobida turish yoki turmaslik haqidagi ma’lumotnomalar bilan boriladi.

Bu ikki ma’lumotnomani uydan chiqmay, my.gov.uz orqali olsa bo‘ladi: har biri 7 920 so‘m (0,018 BHM) turadi. Davlat xizmatlari markazida esa ular biroz qimmatroq — 8 800 so‘mdan (0,02 BHM).

Ko‘rik pullik bo‘lib, narxi muassasaga qarab farq qiladi va 3 kungacha davom etishi mumkin.

Natija my.gov.uz tizimiga yuklanadi va ma’lumotnoma u yerdagi “Tibbiy ma’lumotnomalarni olish (083/h shakldagi)” xizmatidan bepul yuklab olinadi.

Hujjat o‘zida ko‘rsatilgan muddatgacha amal qiladi, ayrim kasalliklari bo‘lganlarga u 6 oyga berilishi mumkin. Shu muddat ichida guvohnoma olinmasa, ko‘rikdan qayta o‘tish kerak.

04

Avtomaktabda o‘qish shartmi?

O‘quv jarayoni nazariy va amaliy qismlardan iborat, biroq ularni avtomaktabda o‘tish talabi toifaga qarab farq qiladi:

Toifa
Nazariya
Amaliyot
A1
Mustaqil
Mustaqil, amaliy mashg‘ulotlarni o‘tash majburiy emas
A, B
Avtomaktabda yoki mustaqil
Avtomaktabda, majburiy
C, D
Avtomaktabda, majburiy

O‘qish muddati va narxi avtomaktabga qarab turlicha. Masalan, Toshkentdagi ayrim avtomaktablarda B toifa kursi 2−2,5 oy davom etadi va 6−7 mln so‘m turadi. Viloyatlarda narxlar boshqacha bo‘lishi mumkin.

Kurs narxiga odatda nazariy darslar, amaliy haydash soatlari va imtihonlarga tayyorgarlik kiradi. Avtomaktabga yozilish uchun esa quyidagi hujjatlar so‘raladi:

  • pasport yoki ID-karta nusxasi;
  • 3x4 o‘lchamdagi 2 dona fotosurat;
  • 083/h ma’lumotnoma.

Kursni tamomlaganingizni tasdiqlovchi hujjatni imtihonga olib borishingiz shart emas — u “e-avtota'lim” moduli orqali elektron shaklda rasmiylashtiriladi.

05

Nazariy imtihondan qanday o‘tiladi?

Tayyorgarlik tugagach, imtihon bosqichi boshlanadi. Avval nazariy qism topshiriladi, undan o‘tganlar esa amaliy qismga kiritiladi.

Nazariy imtihonda 20 ta test savoli beriladi va ularga 25 daqiqa vaqt ajratiladi. A, B, C va D toifalari uchun kamida 18 ta, A1 toifasi uchun esa 16 ta to‘g‘ri javob kerak.

Navbatda kutib qolmaslik uchun oldindan yozilib qo‘ygan ma’qul: imtihon markazi saytidagi “Onlayn ro‘yxatdan o‘tish — nazariy” bo‘limida bo‘sh sana va vaqtni tanlash kifoya.

Imtihonni birinchi marta topshirish 1,5 mln so‘m, qayta topshirish 1,6 mln so‘m turadi. Natija test yakunlanishi bilan ekranda chiqadi.

Uning natijasi 2 oy amal qiladi: shu muddatda amaliy imtihondan o‘tilmasa, nazariy qismni qaytadan topshirishga to‘g‘ri keladi.

06

Amaliy imtihon qanday o‘tadi?

Amaliy imtihon avtomatlashtirilgan avtodromda, maxsus datchiklar va videokuzatuv tizimi o‘rnatilgan avtomobillarda o‘tkaziladi. Nomzodni inson emas, tizim baholaydi.

Avtomobildagi kompyuter va avtodrom datchiklari nomzodning har bir xatosini qayd etib, jarima ballarini hisoblab boradi. Masalan, chiziqni bosib ketish, xavfsizlik kamarini taqmaslik yoki svetofor talabiga rioya qilmaslik uchun ball yoziladi. Jami jarima ballari 99 dan oshmasa, imtihon topshirilgan hisoblanadi.

Uning narxi ham nazariy imtihonnikiga teng, natija esa imtihon tugashi bilanoq ma’lum bo‘ladi.

Imtihondan o‘ta olmagan nomzod uni kamida 7 kundan keyin qayta topshirishi mumkin. Biroq barcha urinishlar nazariy natija amal qiladigan 2 oy ichida bo‘lishi kerak.

07

Imtihonlardan o‘tdim. Guvohnomani qanday olaman?

Ikkala imtihondan o‘tgach, guvohnoma my.gov.uz orqali rasmiylashtiriladi. Buning uchun saytga OneID bilan kirib, qidiruvdan “Haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish” xizmatini tanlash kerak.

Arizada guvohnomaga ID-karta yoki biometrik pasportdagi fotosuratni qo‘yishga rozilik berish mumkin. Agar rozi bo‘lmasangiz, yangi suratga tushish uchun Davlat xizmatlari markaziga borishingizga to‘g‘ri keladi. So‘ng tayyor guvohnoma ekranda ko‘rsatiladi va siz unga telefon yoki kompyuter orqali elektron imzo qo‘yasiz.

Xizmat narxi — 1,4 BHM, ya’ni 616 ming so‘m. Tayyor guvohnomani arizada ko‘rsatilgan DXMdan olib ketish yoki qo‘shimcha to‘lov evaziga pochta orqali uyga buyurtma qilish mumkin.

Guvohnoma 10 yil amal qiladi, muddati tugagach uni yana my.gov.uz orqali yangilasa bo‘ladi.

08

Barchasi qanchaga tushadi?

Agar imtihonlar birinchi urinishda topshirilsa, B toifali guvohnoma xarajatlari quyidagicha bo‘ladi:

Xarajat (turi)So‘mda
Tibbiy ko‘rik (083/h)
muassasaga qarab
Ikki dispanser ma’lumotnomasi (my.gov.uz orqali)
15 840
Avtomaktab (Toshkent)
6 000 000 — 7 000 000
Nazariy va amaliy imtihon
3 000 000
Guvohnomani rasmiylashtirish (1,4 BHM)
616 000
Jami
9,6 — 10,6 mln + tibbiy ko‘rik