O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzishga doir ma’muriy ishlarni rasmiylashtirish va ko‘rib chiqishning yangi tartibi tasdiqlandi.

Bu bo‘yicha ichki ishlar vazirining 4-sentabrdagi 502-son buyrug‘i 5-noyabr kuni Adliya vazirligida 3969-raqam bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Hujjat rasman e’lon qilinganidan ikki oy o‘tib — 2027-yil 7-yanvardan kuchga kiradi.

Yangi yo‘riqnomaga ko‘ra, yo‘l harakati qoidabuzarliklariga oid ma’muriy ishlar asosan IIV YHXXning Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi “Ma'muriy amaliyot” moduli orqali elektron shaklda yuritiladi. Ma’muriy bayonnomalar xodimlar tomonidan planshet yoki kompyuter yordamida rasmiylashtiriladi. Qog‘oz shaklidagi hujjatlar esa skanerlanib, tizimga kiritiladi.

Qoidabuzarlikni rasmiylashtirish jarayonida haydovchiga o‘z huquqlari, jumladan, ish hujjatlari bilan tanishish, izoh va dalillar taqdim etish, yuridik yordamdan foydalanish hamda qaror ustidan shikoyat qilish huquqi tushuntirilishi kerak. Qoidabuzardan joyida jarima undirish qat’iyan taqiqlanadi.

Avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari orqali aniqlangan qoidabuzarliklar haqidagi ma’lumotlar 48 soat ichida hududiy markazga yuborilishi kerak. Bu muddat buzilsa, ma’lumotlar ko‘rib chiqilmaydi va ma’muriy ish tugatiladi.

Bunday holatlarda jarima transport vositasining egasi yoki undan qonuniy asosda foydalanayotgan shaxsga qo‘llanadi. Kamera qayd etgan qoidabuzarlik uchun ma’muriy jazo bir oy ichida tayinlanishi mumkin.

Yo‘riqnomada ayrim yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun asosiy jazoga qo‘shimcha ravishda jarima ballari hisoblash tartibi ham belgilangan. Har bir qoidabuzarlik uchun eng ko‘pi bilan 2 ball beriladi. Ballar bir yil davomida hisoblanadi va muddat tugagach avtomatik ravishda bekor qilinadi.

Agar haydovchi bir yil ichida 12 balldan ortiq jarima balli to‘plasa, qo‘shimcha jazo masalasini ko‘rib chiqish uchun ma’muriy ish hujjatlari avtomatik ravishda tuman yoki shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga yuboriladi.

Ayrim qoidabuzarliklar uchun haydovchiga ma’muriy ogohlantirish berilishi mumkin. Bunday chora bir shaxsga nisbatan bir yil davomida bir martadan ortiq qo‘llanmaydi.

Haydovchi ma’muriy jazo to‘g‘risidagi qaror nusxasini olgan kundan boshlab 10 kun ichida yuqori turuvchi organga yoki jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudiga shikoyat qilishi mumkin. Shikoyat belgilangan muddatda berilsa, qaror ijrosi shikoyat ko‘rib chiqilguniga qadar to‘xtatib turiladi.

Jarima qarori topshirilganidan keyin 15 kun ichida uning 50% ini yoki 30 kun ichida 70% ini ixtiyoriy to‘lagan shaxs qolgan summani to‘lashdan ozod qilinadi. Bu tartib ayrim huquqbuzarliklar, qaror ustidan shikoyat yoki protest berilgan holatlar hamda bir yil ichida xuddi shunday qoidabuzarlik takrorlangan vaziyatlarga tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, fuqarolar ma’muriy ishlar bo‘yicha murojaatlarini yashash joyidan qat’i nazar, istalgan hududiy markazga topshirishi mumkin. Bunda “yagona darcha”, “eksterritoriallik” va “open space” tamoyillari qo‘llanadi. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda markaz xodimlari zarur ma’lumotlarni tegishli idoralardan elektron tizim orqali oladi.

Yangi yo‘riqnoma bilan 2011-yilda tasdiqlangan yo‘l harakati qoidabuzarliklariga doir ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish tartibi va unga keyinchalik kiritilgan qator o‘zgartirishlar o‘z kuchini yo‘qotadi.

Avvalroq Spot chorraha va qayrilib olish joylari yaqinida chiziqni bosgan haydovchilar jarimaga tortilmasligi haqida yozgan edi.