Endi YPX inspektorlari chorraha va qayrilib olish joylari yaqinida yo‘l chizig‘ini bosganlik uchun haydovchilarga ma’muriy bayonnoma tuzishni bekor qiladi. Bu haqda YHXX matbuot kotibi Zoir Yo‘ldoshev xabar berdi.
Bu Vazirlar Mahkamasining 29-oktabrda qabul qilingan qarori (VMQ-596-son) bilan hukumatning 2025-yil 15-maydagi qaroriga kiritilgan o‘zgartirishda belgilangan.
Unga ko‘ra, 1-noyabrdan boshlab chorrahagacha 50 metr, qayrilib olish joylarigacha 20 metr masofada 1.1 (bir yaxlit) va 1.3 (ikkita yaxlit) yo‘l yotiq chiziqlarini bosib harakatlanish uchun yo‘l-patrul xizmati inspektorlari tomonidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilmaydi.
Biroq qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport oqimlarini ajratib turuvchi 1.1 va 1.3 chiziqlarini bosib o‘tish holatlari bundan mustasno. Bunday holatlarda inspektorlar qoidabuzarlikni rasmiylashtirishi mumkin.
Zoyir Yo‘ldoshevning Gazeta’ga bergan izohiga ko‘ra, amaliyotda chorraha yoki qayrilib olish joylariga yaqinlashganda ayrim avtomashinalarning buzilib qolishi, sekin harakatlanishi yoki bo‘lakni o‘z vaqtida o‘zgartirish zarurati tufayli sun’iy tirbandliklar yuzaga kelayotgan edi.
Yo‘llarda harakat xavfsizligi va uzluksizligini ta’minlash, tirbandliklarning oldini olish maqsadida YPX xodimlari tomonidan ushbu masofalarda bayonnoma tuzish tartibi butunlay bekor qilindi.
Hukumat qarori bilan xususiy radarlar xavfsizlik kamarini taqmagan haydovchilarni ham qayd etishi mumkin bo‘ldi. Buning uchun fotosuratlar yuqori sifatli bo‘lib, ularda haydovchining yuzi va xavfsizlik kamarini taqqan yoki taqmagani aniq aks etishi shart.
Avvalroq Spot profilaktika inspektorlari mahallalarda yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima solishi mumkin bo‘lishi haqida yozgandi.