O‘zbekneftgaz yuqori oktanli benzin ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 27-oktabr kuni davlat kompaniyasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Suhrob Hamroyev matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
Hamroyevning so‘zlariga ko‘ra, loyiha tayyor yoqilg‘ining oktan sonini qo‘shimchalar yordamida oshirish zaruratisiz, bevosita qayta ishlash jarayonida yuqori oktanli benzin ishlab chiqarishni nazarda tutadi. Loyiha amalga oshirilganidan so‘ng bunday qo‘shimchalarni import qilishga ehtiyoj qolmaydi.
Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari (TIA) ishlab chiqilgan. Shuningdek, oktabr oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda prezidentning roziligi va Kompleks ekspertiza markazining xulosasi olingan. Hozirda loyihani tegishli hukumat qarori bilan tasdiqlash choralari ko‘rilmoqda.
TIA tasdiqlanib, loyiha prezident qarori bilan ishga tushirilganidan so‘ng modernizatsiya ishlari to‘rtinchi chorakda (oktabr-dekabr) yoki 2027-yilda boshlanishi mumkin.
Hamroyevning aniqlik kiritishicha, loyiha ochiq tender natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi. Unda o‘z takliflarini taqdim etgan litsenziar kompaniyalar, qurilish tashkilotlari va boshqa ehtimoliy ijrochilar ishtirok etishi mumkin.
Moliyalashtirishning bir qismini kredit hisobidan jalb qilish rejalashtirilgan. Davlat kompaniyasi vakilining ta’kidlashicha, tender ham, loyihani amalga oshirish bo‘yicha hukumat qarori ham ochiq bo‘ladi.
O‘zbekneftgaz boshqaruvi raisining qayta ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Abrorjon Xudoyberganovning ma’lum qilishicha, hozirda Buxoro NQIZ ishlab chiqarish quvvatlaridan maksimal darajada foydalanilmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya mahsulot yetkazib berish rejasini to‘liq bajarmoqda, iste’molchilarga yetkazib berish uchun mo‘ljallangan avtomobil benzini zaxirasi esa 125 ming tonnadan oshadi.
Xudoyberganov, shuningdek, oktan sonini qo‘shimchalar yordamida oshirish benzin tannarxining ko‘tarilishiga olib kelishini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rekonstruksiya va yangi mahsulot ishlab chiqarish hajmining oshirilishi ortidan uning narxi pasayishi kutilmoqda.
Avvalroq Spot O‘zbekiston Xitoy bilan AI-92 va undan yuqori benzin hamda dizel importini muhokama qilayotgani haqida yozgandi.