Binance kriptobirjasi 29-oktabrdan 30-oktabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan xakerlik hujumidan keyin zarar ko‘rgan foydalanuvchilarga aktivlarni qaytarishni boshladi. Bu haqda kompaniya vakillari Spot’ga ma’lum qildi.

Platforma mijozlarga yetkazilgan zararni o‘z mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplashga va’da berdi. Buning uchun $6,34 mlrd dan ortiq bo‘lgan aktivlar, jumladan, firibgarlar o‘g‘irlagan tokenlarning ayni o‘zidan $5 mlrd zaxira qilingan.

Hozirda Binance yetishmayotgan aktivlarni to‘liq qoplash uchun ularni bozordan va birjadan tashqari savdo kanallari orqali sotib olmoqda.

Ayrim tokenlarning cheklangan likvidligi tufayli xarid biroz vaqt olishi mumkin. Platforma tasdiqlangan ma’lumotlar paydo bo‘lishi bilan keyingi harakatlar haqida xabar beradi.

Qayd etilishicha, zaxiraga ajratilgan $6,34 mlrd miqdoriga muzlatilgan yoki qaytarish jarayonida, shuningdek, qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazilayotgan aktivlar kiritilmagan. Binance hamkorlari ko‘magida taxminan $3 mlrdlik mablag‘ni muzlatishga muvaffaq bo‘lgan.

“Biz ushbu mablag‘larni qaytarish bo‘yicha hamkorlar va huquqni muhofaza qilish organlari bilan birgalikda ishlarni davom ettirmoqdamiz”, — deyiladi xabarda.

Kriptobirja o‘z zaxiralaridan “tasdiqlangan har qanday taqchillikni qoplash uchun” foydalanadi, deya qo‘shimcha qildi kompaniya. Barcha foydalanuvchi aktivlarining saqlanganligi zaxiralarni tasdiqlash hisoboti (Proof of Reserves) orqali ommaviy ravishda tasdiqlanadi.

Binance’ga xakerlik hujumi 30-oktabr kuni Toshkent vaqti bilan taxminan 1:05—1:25 oralig‘ida sodir bo‘lgan. Jinoyatchilar mijozlarning kriptohamyonlaridan qariyb $6,3 mlrdlik aktivlarni yechib olgan. Biroq birja va uning hamkorlari taxminan $3 mlrdlik aktivlarni muzlatishga muvaffaq bo‘lgan.

Kompaniyaga ko‘ra, hujumni amalga oshirish uchun platformaning DevOps muhandislaridan biriga tegishli kompyuter buzib kirilgan. Blokcheyn sohasidagi ekspertlar hodisada Shimoliy Koreya bilan bog‘liq TraderTraitor xakerlar guruhini aybladi.

Avvalroq Spot Toshkentda noqonuniy kripto-aktivlar aylanmasi bilan shug‘ullangan talaba aniqlangani haqida yozgan edi.