AQSHning To‘qqizinchi okrug apellyatsiya sudi 2027-moliya yili uchun Green Card (DV-2027) lotereyasini qayta boshlash haqidagi quyi sud qarorini vaqtincha to‘xtatdi.
Natijada AQSH Davlat departamenti lotereya uchun arizalarni 1-noyabrdan qabul qilishni boshlay olmaydi.
Gap AQSHda doimiy yashash huquqini beruvchi Green Card vizalarini olish imkonini beradigan Diversity Visa (DV) dasturi haqida bormoqda.
Dastur AQSHda immigrantlar soni nisbatan kam bo‘lgan mamlakatlar fuqarolariga har yili lotereya orqali 55 mingtagacha viza olish imkoniyatini beradi.
DV-2027 dasturi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish 2025-yil kuzida boshlanishi kutilgan edi. Biroq AQSH Davlat departamenti ro‘yxatga olish muddatini ochmadi va dastur amalda to‘xtab qoldi.
2026-yil avgustida Red Eagle Law yuridik firmasi Davlat departamentiga qarshi sudga murojaat qilib, lotereyaning to‘xtatilishini noqonuniy deb topishni so‘radi. Da’vogarlar hukumatning dastur bo‘yicha harakat qilmayotgani asossiz ekanini bildirdi.
14-oktabrda Kaliforniya janubiy okrugi federal sudi Davlat departamentiga DV-2027 dasturini qayta ochish majburiyatini yuklagan edi.
Sud qaroriga muvofiq, Davlat departamenti 29-oktabrgacha lotereyaga ro‘yxatdan o‘tish muddatini e’lon qilishi, 1-noyabrdan arizalarni qabul qilishni boshlashi va 3-dekabrgacha tanlangan ishtirokchilarni viza olish uchun ariza topshirish huquqiga ega bo‘lgani haqida xabardor qilishi kerak edi.
Biroq AQSH hukumati ushbu qaror ustidan apellyatsiya shikoyati berdi va uning ijrosini to‘xtatishni so‘radi. 29-oktabr kuni To‘qqizinchi okrug apellyatsiya sudi hukumatning talabini qanoatlantirdi.
Sud hukumatning quyi sud qarori ustidan shikoyat ko‘rib chiqilguniga qadar uning ijrosini to‘xtatish haqidagi iltimosini ma’qulladi.
Sud qarorida Red Eagle Law yuridik firmasi ushbu lotereyani tartibga soluvchi qonun himoya qiladigan manfaatlar doirasiga kirmasligi ta’kidlangan. Chunki firma da’voni bo‘lajak lotereya ishtirokchilari nomidan emas, balki o‘zining ehtimoliy mijozlar va daromad yo‘qotishi mumkinligi asosida kiritgan.
Sudga ko‘ra, yuridik firmaning iqtisodiy manfaatlari Diversity Visa dasturining asosiy maqsadi — AQSHga immigratsiya darajasi past bo‘lgan mamlakatlar fuqarolariga immigratsiya imkoniyatini yaratish bilan yetarlicha bog‘liq emas.
Shu bilan birga, apellyatsiya sudi Davlat departamentining lotereyaga ro‘yxatdan o‘tishni ochmagani to‘g‘ri bo‘lganini tasdiqlamadi. Sud faqat mazkur yuridik firma hukumat ustidan ushbu da’voni kiritish uchun yetarli huquqiy asosga ega emasligini qayd etdi.
Hozircha DV-2027 lotereyasiga arizalarni qabul qilish boshlanmaydi. Quyi sud belgilagan 1-noyabr sanasi ham apellyatsiya qarori sababli o‘z kuchini amalda yo‘qotdi.
Apellyatsiya bo‘yicha ish davom etadi. Sud ish yuzasidan keyingi ko‘rib chiqish jadvalini belgilashi kerak. Uning yakuniy natijasi lotereya dasturining qayta ochilishiga ta’sir qilishi mumkin.
2025-yilning 16-sentabridan boshlab Green Card lotereyasi uchun $1 miqdorida to‘lov joriy etildi. 19-dekabrdan AQSH hukumati Green Card (Diversity Visa — turli millat vakillari uchun viza) dasturini to‘xtatgandi.
Avvalroq Spot AQSH 3-noyabrdan barcha aviayo‘lovchilar uchun majburiy deklaratsiya joriy etishi haqida yozgandi.