Vazirlar Mahkamasi xavfsizlik kamarini taqmagan haydovchilarni xususiy radarlar yordamida qayd etishga ruxsat berdi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Hukumatning 29-oktabrdagi qarori (VMQ-596) bilan tadbirkorlar tomonidan yo‘l harakati qoidalari buzilishlarini foto va video qayd etishni amalga oshiruvchi komplekslarni o‘rnatish shartlari yangilandi.
Unga ko‘ra, 1-noyabrdan tadbirkorlar tomonidan o‘rnatilgan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari orqali haydovchilarning xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga rioya etmasligi holatlarini aniqlashga ruxsat beriladi.
Qarorga muvofiq, tadbirkorlar o‘rnatgan foto va video qayd etish tizimlari xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga rioya etilmagan holatlarni ham qayd etishi mumkin bo‘ladi. Buning uchun uskunalar belgilangan umumiy texnik talablarga javob berishi kerak.
Xususan, tizim aniqlangan qoidabuzarlik haqidagi ma’lumotlarni “Ma'muriy amaliyot” moduliga avtomatik ravishda uzatish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim.
Bunda metrologik qiyoslash guvohnomasining raqami va amal qilish muddati, qoidabuzarlik aniqlangan sana va vaqt, shuningdek, hodisa sodir etilgan joyning aniq koordinatalari yuboriladi.
Bundan tashqari, elektr ta’minotida uzilish yuz berganda tizimning kamida 8 soat davomida ishlashini ta’minlaydigan zaxira elektr manbai bilan jihozlanishi talab etiladi.
Xavfsizlik kamaridan foydalanmaslik holatini qayd etishda fotosuratlar yuqori sifatda bo‘lishi shart. Ularda haydovchining yuz ko‘rinishi hamda xavfsizlik kamaridan foydalangan yoki foydalanmaganligi aniq aks etishi kerak.
Joriy yilning yanvar oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi avtomobilda xavfsizlik kamarini taqish majburiyatidan ozod qilinadigan tibbiy ko‘rsatmalar ro‘yxatini tasdiqladi. Unga quyidagilar kiradi:
- O‘mrov va to‘sh suyagi sinishi
- Yelka kamari sinishi
- Qovurg‘alar sinishi
- Chap o‘mrov suyagi chiqishi tufayli o‘tkazilgan operatsiyalar
- Chap o‘mrov suyagining soxta bo‘g‘imi sinishi
- Umurtqa pog‘onasining kompression sinishi
- O‘pkaning surunkali obstruktiv kasalliklari (IV bosqich)
- Bronxial astma (IV bosqich)
- O‘pkaning interstitsial zararlanishi (fibroz va boshqalar)
- O‘pkaning bir qismi yoki butun qismining (chap yoki o‘ng) olib tashlanishi (lobektomiya, pnevmonektomiya)
- Surunkali yurak yetishmovchiligining III bosqichi va dekompensatsiya bosqichi
- Og‘ir yurak-qon tomir kasalliklari (o‘tkazilgan infarktlar, ishemiya va boshqalar)
- III darajali (morbid) semizlik (Tananing massa indeksi ≥ 40)
- Past bo‘yli (nanizm) 150 santimetrdan past
- Qo‘l yoki yelka harakatini cheklovchi nevrologik kasalliklar
- Tananing ko‘krak qismida joylashgan og‘ir allergik yoki dermatologik kasalliklarning og‘ir shakllari (ekzema, psoriaz va boshqalar)
- O‘mrov, kurak, yelka, to‘sh suyaklari va qovurg‘alarda ichki va tashqi implantlarning mavjudligi
- Ko‘krak qafasi va qorin bo‘shlig‘ida o‘tkazilgan ochiq turdagi operatsiyalar
- Stomalar mavjud bo‘lishi
- Ko‘krak qafasi sohasidagi yirik hosilalar (o‘sma).
Aksariyat ko‘rsatmalar uchun ma’lumotnoma bir yilgacha amal qiladi, ammo nanizm yoki o‘pka olib tashlanganda u muddatsiz beriladi. Iyun oyidan boshlab haydovchilar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali tibbiy ma’lumotnomani yuklab olishlari mumkin.
Avvalroq Spot profilaktika inspektorlari mahallalarda yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima solishi mumkin bo‘lishi haqida yozgandi.