Yagona portal orqali xavfsizlik kamari taqishga to‘sqinlik qiluvchi kasalliklarga ega fuqarolar uchun tibbiy ma‘lumotnoma olish xizmati ishga tushirildi.
Endilikda fuqarolar buning uchun poliklinikaga murojaat qilib, qog‘oz shaklidagi hujjatlarni rasmiylashtirishi shart emas. Ma‘lumotnomani my.gov.uz portali yoki uning mobil ilovasi orqali yuklab olish mumkin.
Buning uchun foydalanuvchi portal yoki ilovadagi “Ma‘lumotnomalar” bo‘limiga kirib, tegishli xizmat ni tanlashi kerak.
Shu bilan birga, ma‘lumotnoma avtomatik shakllanishi uchun fuqaro avval tibbiyot muassasasida shifokorlar ko‘rigidan o‘tgan bo‘lishi lozim. Tibbiy xulosa elektron bazaga kiritilgach, hujjat portalda shakllanadi.
Qayd etilishicha, ma‘lumotnoma tibbiy xulosada ko‘rsatilgan muddat davomida amal qiladi. Xizmat bepul ko‘rsatiladi va qo‘shimcha hujjatlar talab etilmaydi.
Joriy yilning yanvarida salomatligi xavfsizlik kamari taqish imkonini bermaydigan kasalliklar ro‘yxati Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandi. Ro‘yxatga jami 20 turdagi kasallik va holatlar kiritilgan. Qovurg‘alar sinishi, bronxial astma, og‘ir yurak-qon tomir kasalliklari shular jumlasidan.
Spot, avvalroq, yosh oilalar uchun ijara to‘lovlarini qoplash bo‘yicha onlayn xizmat ishga tushgani haqida yozgandi.