Adliya vazirligi o‘zbek alifbosiga kiritilgan o‘zgarishlarni barcha sohalarda joriy etish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Hujjatda yangi alifboga o‘tish, rasmiy hujjatlarni rasmiylashtirish va eski namunadagi blankalardan foydalanish tartibi belgilangan.

2026-yil 21-oktabrda qabul qilingan qonun (O‘RQ-1184-son) bilan o‘zbek alifbosidagi to‘rtta harf shakli o‘zgartirilgan: O‘ o‘ — Ö ö, G‘ g‘ — Ğ ğ, Sh sh — Ş ş, Ch ch — Ç ç. Takomillashtirilgan alifbo 28 ta harf va bitta tutuq belgisidan iborat. Qonun 2027-yil 22-apreldandan kuchga kiradi.

Loyiha ko‘ra, ushbu sanadan boshlab davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa yuridik shaxslar rasmiylashtiradigan hujjatlar, yozishmalar hamda axborotlar ham yangi alifboda tayyorlanishi kerak. Maktab darsliklari belgilangan davriylik asosida bosqichma-bosqich qayta nashr etiladi.

Shuningdek, qonun kuchga kirganidan keyin beriladigan ID-kartalar, xorijga chiqish biometrik pasportlari, haydovchilik guvohnomalari, avtomobil texnik pasportlari va kadastr hujjatlari takomillashtirilgan alifboda rasmiylashtiriladi. Biroq amaldagi alifboda tayyorlangan blankalardan 2028-yilgacha foydalanishga ruxsat beriladi.

Davlat organlari va xo‘jalik birlashmalari xodimlarining xizmat guvohnomalari esa belgilangan muddatlarda almashtirilganda yangi alifboda tayyorlanadi.

Loyihada avvalgi alifboda rasmiylashtirilgan hujjatlar, jumladan, shaxsiy va mulkiy huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlar o‘z yuridik kuchini saqlab qolishi belgilangan. Fuqarolarning ism-familiyasi eski yoki yangi harflarda yozilgani sababli ularning shaxsini aniqlash, davlat xizmatlaridan foydalanish yoki hujjatlarni qabul qilishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Boshqa tillardagi matnlar, xorijiy shaxslar va tashkilotlar nomlari, tovar va firma belgilari, bibliografik iqtiboslar hamda tarixiy hujjatlardan olingan parchalarni asl shaklida berish mumkin bo‘ladi.

Domen nomlari, elektron pochta manzillari, foydalanuvchi nomlari, loginlar, hisobvaraq va shartnoma raqamlarini ham alifbodagi o‘zgarishlar sababli majburiy almashtirish yoki qayta ro‘yxatdan o‘tkazish talab etilmaydi.

Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlariga qonun kuchga kirgunga qadar yangi alifboda ish yuritishni boshlash tavsiya etilmoqda. Ular bir oy ichida o‘z tizimida zarur o‘zgarishlarni joriy etish bo‘yicha yo‘l xaritalarini ishlab chiqib, tasdiqlashi kerak. Unda ishlarni bajarish mexanizmi, muddatlari, moliyalashtirish manbalari va mas’ul ijrochilar belgilanadi. Vazifalar ijrosi har oyda kamida bir marta muhokama qilib boriladi.

Qaror ijrosi bilan bog‘liq budjet xarajatlarini 2027-yilda tegishli vazirlik va idoralarga ajratilgan mablag‘lar doirasida, 2028-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutish taklif etilgan.

Vazirlik va tashkilotlar budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ham zarur xarajatlarni moliyalashtirishi mumkin. Loyiha bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 6-dekabrgacha davom etadi.

Avvalroq Spot deputatlar kapital bozori to‘g‘risidagi qonunni ma’qullab, Senatga yuborgani haqida yozgan edi.