O‘zbekistonda qishda metan gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga cheklovlar kiritilishi haqidagi tasdiqlanmagan xabarlar benzin bozoridagi vaziyatga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu haqda O‘zbekneftgaz matbuot kotibi Mo‘min Ibodov brifingda ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan bunday xabarlar ortidan ayrim xususiy AYQSHlar benzin taqchilligi yuzaga kelishidan xavotirlanib, mahsulotni oldindan ko‘proq xarid qilish va zaxira to‘plashga harakat qilmoqda.
“Bu esa birja savdolarida xaridorlar soni va talabning ortishi, o‘z navbatida, narxlarning ham oshib ketishiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi”, — dedi Mo‘min Ibodov.
U xalqaro bozorda neft kotirovkalari o‘zgarib turganiga qaramay, O‘zbekneftgaz tomonidan birja savdolariga chiqarilayotgan avtobenzinning boshlang‘ich narxi aprel oyidan buyon o‘zgarmaganini, bir tonnasi uchun boshlang‘ich narx 14 mln so‘mni tashkil etayotganini ta’kidladi.
Kompaniya birja narxlarini baholashda ishlab chiqarish hajmi va zaxiralardan tashqari, bozor ishtirokchilarining xarid faolligi, mavsumiy kutilmalar hamda ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarning talabga ta’sirini ham hisobga olish lozimligini qayd etdi.
Mo‘min Ibodovning bildirishicha, kompaniya qish mavsumida aholini sifatli benzin bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha dasturlar ishlab chiqqan va ularni amalga oshirish choralarini ko‘rmoqda.
19-noyabr kuni birjada AI-92 benzini narxi markasiga qarab 2,2−2,3% ga oshdi. AI-92 benzini bir tonnasi o‘rtacha 13,03 mln so‘mdan, AI-92 K2 va K2-L markalari esa mos ravishda 15,25 mln va 15,24 mln so‘mdan sotildi. Savdoga jami 5 306,8 tonna benzin chiqarilib, uning 5 132,7 tonnasi sotildi.
Avvalroq Spot O‘zbekneftgaz yil yakunigacha benzin ishlab chiqarishni 1,1 mln tonnaga yetkazishi haqida yozgandi.