Vengriyaning OTP Banki bilan Ipoteka-bank'ning qolgan davlat ulushini sotib olishga kelishildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ushbu kelishuv bank ustav kapitalidagi davlatga tegishli 17,5% ulushni sotib olishni nazarda tutadi. 2022-yilda tomonlar bankni ikki bosqichda xususiylashtirish bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasini imzolagan bo‘lib, ikkinchi bitim narxini bank faoliyati ko‘rsatkichlariga bog‘lashga kelishilgan edi.

Vazirlikka ko‘ra, so‘nggi to‘rt yilda bankning moliyaviy ko‘rsatkichlari va mamlakatdagi iqtisodiy sharoitlar sezilarli yaxshilangani sababli shartnomaning ayrim bandlari qayta ko‘rib chiqilgan.

Natijada tomonlar qo‘shimcha bitim imzolab, xususiylashtirishning ikkinchi bosqichini qisqa muddatda yakunlashga kelishgan.

2023-yil iyun oyida Vengriyaning OTP Banki Ipoteka-bank'dagi davlat ulushining 73,71% ini $324 mln ga sotib olish bo‘yicha bitimni yakunladi. O‘shanda bank keyingi uch yil ichida Ipoteka-bank aksiyalarining yana 25% ini sotib olib, o‘z ulushini 98% ga yetkazish rejasini ma’lum qilgandi.

2024-yil yozida OTP Bank Ipoteka-bank'ning minoritar aksiyadorlariga jami 1,3% aksiyani sotishni taklif qildi. Oddiy aksiyaning narxi 1,1 so‘m, imtiyozli aksiyaniki esa 3 so‘m etib belgilandi.

Avvalroq Spot O‘zbekistondagi yirik banklarni xususiylashtirish 2028-yilgacha kechiktirilishi mumkinligi haqida yozgan edi.