BAAning Emirates aviakompaniyasi O‘zbekistonga reyslar ochish istiqbollarini o‘rganmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
20-noyabr kuni kompaniya rahbariyati Emirates Group’ning xalqaro aviatsiya siyosati va davlat organlari bilan hamkorlik uchun mas’ul vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuvda aviakompaniyaning O‘zbekiston bozoriga chiqish imkoniyati asosiy mavzu bo‘ldi.
Mehmonlar O‘zbekiston aeroportlarini rivojlantirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, turizm va tranzit salohiyatining o‘sishi haqidagi ma’lumotlar bilan tanishdi. Samolyotlarga xizmat ko‘rsatish, istiqbolli yo‘nalishlar va yangi reyslarni ochishda aviakompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlariga alohida e’tibor qaratildi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Emirates O‘zbekistonga reyslar ochishni “yo‘lovchilar talabi, aeroportlarning infratuzilma imkoniyatlari va yo‘nalishlarning tijorat salohiyatini o‘rganib chiqqandan keyin” ko‘rib chiqishi mumkin.
Uzbekistan Airports BAAdagi hamkorlarga zarur ma’lumotlarni taqdim etishga tayyorligini bildirdi. “Muzokaralar yakunida tomonlar keyingi hamkorlikdan manfaatdor ekanini bildirdi”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Spot O‘zbekiston Qozog‘iston va Xitoy bilan aviaqatnovlar sonini oshirishi haqida yozgandi.