O‘zbekiston BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish indeksida 194 mamlakat orasida 32-o‘rinni egalladi.

Bu BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti hisobotida qayd etilgan. 2026-yil natijalari 19-noyabr kuni e’lon qilindi.

2024-yildagi avvalgi reytingda mamlakat 63-o‘rinda, 2022-yilda 69-o‘rinda, 2020-yilda esa 87-o‘rinda qayd etilgan. Olti yil ichida O‘zbekiston 55 pog‘onaga ko‘tarildi. Hisobot mualliflari mamlakatni mintaqada eng katta o‘sishga erishgan davlatlardan biri sifatida qayd etgan.

bmt, davlat xizmatlari, elektron hukumat, reyting

O‘zbekistonning indeks ko‘rsatkichi 0,7999 balldan 0,8930 ballga oshdi. Dunyoda o‘rtacha ko‘rsatkich 0,6675, Osiyoda esa 0,7191 ballni tashkil etadi. O‘zbekiston elektron hukumat rivojlanish darajasi juda yuqori bo‘lgan mamlakatlar guruhida qolmoqda. Mamlakat Yaponiya (29-o‘rin) va Ummon (33-o‘rin) bilan bir qatorda Osiyoning top-10 davlatlari qatoriga kiradi.

Reyting qanday tuziladi?

O‘zbekistonning indeks ko‘rsatkichi uchta tarkibiy qismdan iborat:

  • onlayn xizmatlar — 0,8885;
  • inson kapitali — 0,8692;
  • telekommunikatsiya infratuzilmasi — 0,9213;
  • Elektron ishtirok indeksi esa 0,8276 ballni tashkil etdi.

Reyting davlatning raqamli xizmatlarni taqdim etishga qanchalik tayyorligini baholaydi. Biroq aholining ushbu xizmatlardan qanchalik keng foydalanishi va ulardan mamnunligi indeksda o‘lchanmaydi.

Hisobot mualliflari O‘zbekistonning yutuqlarini “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi bilan bog‘laydi. 2030-yilga mo‘ljallangan maqsad — reytingning top-30 taligiga kirish.

Toshkent shahar hokimiyatlarining onlayn xizmatlari rivojlanishi darajasi bo‘yicha 0,8911 ball to‘plab, dunyoda 37-o‘rinni egalladi. Hisobotda Toshkentning shahar portali alohida qayd etilgan: unda ayrim xizmatlar besh yulduzli tizimda baholanadi, ulardan foydalanish statistikasi esa kuniga to‘rt marta yangilanadi. “Xalq nazorati” platformasi aholining qoniqish darajasi bo‘yicha haftalik va yillik hisobotlarni e’lon qiladi.

Qo‘shni davlatlar va reyting yetakchilari

Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida O‘zbekiston faqat Qozog‘istondan ortda qolmoqda. Qozog‘iston 16-o‘rinni egallagan (avval 24-o‘rinda edi). 0,9363 ball to‘plagan mamlakat ilk bor eng yuqori VH toifasiga kirdi.

Qirg‘iziston bu yil 83-o‘rinda (0,7534 ball), Tojikiston 131-o‘rinda (0,5782 ball), Turkmaniston esa 146-o‘rinda (0,5388 ball) qayd etildi.

Hisobot mualliflari Markaziy Osiyoni 2026-yilgi reytingdagi eng yorqin muvaffaqiyat hikoyalaridan biri sifatida ta’riflagan. Mintaqa shaharlari orasida eng yaxshi natija Olmaotaga tegishli — 12-o‘rin.

Umumiy reytingda birinchi o‘rinni 0,9794 ball bilan Janubiy Koreya egalladi. Keyingi o‘rinlarda Daniya, Singapur, Saudiya Arabistoni, BAA, Islandiya, Buyuk Britaniya, Estoniya, Finlyandiya va Avstraliya joylashdi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston Markaziy banki nobank kredit tashkilotlarini biometrik ma’lumotlarni mamlakat hududida saqlashga majbur qilgani haqida yozgandi.