Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni Toshkentdan Parkentga elektropoyezdda bordi. Prezident tumandagi Kumushkon mahallasida qurilgan Silver Valley oilaviy dam olish majmuasiga bordi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Umumiy qiymati 148,5 mlrd so‘m bo‘lgan majmua 29,5 gektar maydonda joylashgan. Loyiha doirasida 200 ta ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.


Majmuada jami 120 o‘rinli 12 ta shale uslubidagi uy, qabul binosi, 300 o‘rinli restoran, jami 200 o‘rinli 12 ta o‘tov-restoran, 100 o‘rinli terrasa-kafe va 4 ta SPA majmuasi qurilgan. Shuningdek, vorkaut zonalari, ziplayn va tyubing attraksionlari, yozgi kinoteatr hamda 10 ta attraksiondan iborat ko‘ngilochar maydon tashkil etilgan.



Prezidentning 2026-yil 30-apreldagi hududlarda turizm infratuzilmasini rivojlantirish haqidagi qarori asosida qurilgan majmua to‘liq ishga tushgach, kuniga 2,7 ming nafargacha mehmon qabul qila olish imkoniyatiga ega.
“Odamlarning daromadi ko‘payib, ishlari yaxshilangan sari ular dam olish uchun qulay joy izlaydi. Parkentda shunday sharoitlar yaratsak, bu yerga oilalar farzandlari bilan kelib hordiq chiqaradi”, — dedi Mirziyoyev.


Prezident sayyohlarga mahalliy mahsulotlar asosida xizmat ko‘rsatish va bunday maskanlarni boshqa tog‘li hududlarda ham ko‘paytirish muhimligini ta’kidladi. Mehmonlarning hududda uzoqroq qolishi uchun qo‘shimcha xizmatlar turini ko‘paytirish bo‘yicha tavsiyalar ham berildi.
Avvalroq Parkentda Taras Shevchenko misolida gastronomik ko‘cha tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.






