Energetika vazirligi birja savdolariga chiqarilgan AI-80 markali benzin qayta ishlash korxonalari uchun xomashyo sifatida mo‘ljallanganini ma’lum qildi. Uni faqat tegishli litsenziyaga ega korxonalar xarid qilishi mumkin.

Vazirlik izohiga ko‘ra, ushbu mahsulotni texnologik qayta ishlash orqali yuqori oktanli benzin va boshqa kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishda foydalanish mumkin.

Shu bilan birga, AI-80 ning birja savdolariga chiqarilishi uni AYOQSHlarda sotuvga qaytarilganini anglatmaydi. Uni avtomobillarga yoqilg‘i sifatida sotish bo‘yicha amaldagi cheklovlar saqlanib qoladi.

19-noyabr kuni iqtisodchi Otabek Bakirov o‘zining Telegram-kanalida AI-80 benzini birja savdolariga qaytarilganiga e’tibor qaratdi. Uning yozishicha, AI-92 benzinining bir tonnasi narxi 15 mln so‘mga yaqinlashgan, metan taqchilligi sharoitida yoqilg‘iga talab ortayotganiga qaramay, taklif hajmi o‘zgarmayapti.

Bakirovning qayd etishicha, AI-80-K2-L markali benzin birja savdolariga tonnasi 8,25 mln so‘mdan chiqarila boshlangan. Savdo shartlarida mahsulot faqat ishlab chiqarish faoliyati uchun litsenziyaga ega korxonalarga xomashyo yoki komponent sifatida sotilishi belgilangan.

Shuningdek, iqtisodchi shartnomadagi umumiy hajmning 5% igacha bo‘lgan qismini yetkazib bermaslik shartlarni buzish hisoblanmasligi va jarima qo‘llashga asos bo‘lmasligi haqidagi bandga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu talabga asos bo‘lgan 2026-yil 4-iyundagi topshiriqni qaysi idora bergani noma’lum.

Bakirov birja lotlarida sotuvchi nomi ham to‘liq ko‘rsatilmaganini yozdi. Unda “OZB.RES.IQTISODIYOT VA MOLIYA VAZIRLIGI HUZURIDAGI” degan yozuv aks etgan, biroq tashkilotning to‘liq nomi berilmagan.

O‘zbekneftgaz 2025-yil 2-sentabrdan birja savdolarida AI-80 benzinini sotishni to‘xtatdi. Buning evaziga davlat kompaniyasi tovar-xomashyo birjasi orqali AI-92 benzinini sotishni ko‘paytirdi. Prezidentning tegishli qarori bilan o‘tgan yilning 1-dekabridan boshlab AYOQSHlarda AI-80 benzini savdosi taqiqlandi.

Undan keyin O‘zbekistondagi “zapravka"larda AI-80 benzini savdosiga qarshi reydlar boshlandi. AYOQSHlarda olib borilgan nazorat tadbirlarida 306 ming litrdan ortiq sifatsiz neft mahsulotlari aniqlandi.

Avvalroq Spot Buxoro NQIZda $1,8 mlrd lik loyiha asosida neft mahsulotlarini ishlab chiqarish 4,6 mln tonnaga yetkazilishi haqida yozgandi.