Shavkat Mirziyoyev 12-noyabr kuni Buxoro neftni qayta ishlash zavodining joriy faoliyati va quvvatlarini kengaytirish bo‘yicha rejalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

1997-yilda ishga tushirilgan zavod yiliga 2,5 mln tonna neft va gaz kondensatini qayta ishlash quvvatiga ega. Korxonada avtobenzin, dizel yonilg‘isi, aviakerosin va boshqa neft mahsulotlari ishlab chiqariladi. Hozirda bu yerda 3,2 mingdan ziyod kishi ishlaydi.

Taqdimotda ma’lum qilinishicha, 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida zavodda 1,5 mln tonnadan ortiq xomashyo qayta ishlanib, qariyb shuncha neft mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Korxonaning sof foydasi 2,2 trln so‘mni tashkil etgan.

Yil yakunigacha xomashyoni qayta ishlash hajmini 2,17 mln tonnaga, neft mahsulotlari ishlab chiqarishni esa 2,12 mln tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Zavodda Yevro-5 ekologik standartiga javob beradigan AI-92 va AI-95 rusumli avtobenzin ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham loyiha ishlab chiqilgan. Uning qiymati $328 mln ni tashkil etadi.

Loyiha doirasida mavjud texnologik jarayonlarni takomillashtirish va yangi ishlab chiqarish qurilmalarini barpo etish ko‘zda tutilgan. Natijada yiliga 1,1 mln tonna Yevro-5 standartidagi avtobenzin ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, import qilinadigan yoqilg‘i qo‘shimchalari xarajatlaridan yiliga $150 mln gacha tejalishi hamda 200 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. Loyihani 2029-yilning ikkinchi choragida ishga tushirish mo‘ljallangan.

Bundan tashqari, qiymati $1,8 mlrd bo‘lgan istiqbolli loyiha doirasida zavodda neftni zamonaviy qayta ishlash va neft-kimyo texnologiyalarini joriy etish, yangi texnologik qurilmalar qurish rejalashtirilgan.

U amalga oshirilsa, neft mahsulotlari ishlab chiqarishning umumiy yillik hajmi hozirgi 2,1 mln tonnadan 4,6 mln tonnaga yetadi. Jumladan, avtobenzin ishlab chiqarish 2,7 mln tonna, dizel yonilg‘isi 1,24 mln tonna, aviakerosin esa 500 ming tonnaga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, benzol va boshqa neft-kimyo mahsulotlarini o‘zlashtirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish imkoniyatlari kengayadi.

Loyihani amalga oshirishda Xitoy, Fransiya, AQSH va Ozarbayjonning yetakchi texnologik kompaniyalari bilan hamkorlik qilish rejalashtirilgan. Qurilish ishlarini 2028-yilda boshlash mo‘ljallangan.

Taqdimotda loyihalarning iqtisodiy samaradorligi, zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanish hamda yuqori sifatli va raqobatbardosh neft mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Buxoro NQIZga tashrif buyurib, qiymati $328 mln bo‘lgan modernizatsiya loyihasi bilan tanishgani haqida yozgan edi.