Yangi Buxoro xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik asosida qurish va boshqarish bo‘yicha xalqaro tender yakunlandi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Turkiyaning Limak İnşaat Sanayi ve Ticaret A.Ş. hamda Qatar’ning Hamad Bin Khalid Contracting Company W.L.L. kompaniyalari konsorsiumi g‘olib deb topildi.

Tender joriy yil 12-martda boshlanib, ikki bosqichda — malaka so‘rovi (RFQ) va takliflar so‘rovi (RFP) shaklida o‘tkazildi. Birinchi bosqich iyunda yakunlangan. Yakuniy bosqichga oltita kompaniya o‘tgan. G‘olib Idoralararo tender komissiyasi tomonidan aniqlandi.

Loyiha Qurish-topshirish-boshqarish (Build-Transfer-Operate — BTO) modeli asosida amalga oshiriladi. Xususiy sherik soatiga 1 200 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega yangi terminal, vokzaloldi maydoni, avtoturargoh va tegishli infratuzilmani qurish hamda boshqarish uchun mas’ul bo‘ladi. Davlat sherigi esa aerodrom majmuasi, jumladan, uchish-qo‘nish yo‘lagi va perronni qurish hamda boshqarishni o‘z zimmasiga oladi.

Keyingi bosqichda umumiy muddati 23 yilni tashkil etadigan DXSH bitimi tuzilishi rejalashtirilgan. Bu muddat uch yilgacha bo‘lgan qurilish davrini ham o‘z ichiga oladi.

G‘olib konsorsium tarkibidagi kompaniyalar xalqaro infratuzilma loyihalarida tajribaga ega. Limak Prishtina (Kosovo) va Dakar (Senegal) xalqaro aeroportlarini boshqaradi, Istanbul aeroporti qurilishida qatnashgan hamda Quvayt xalqaro aeroportining yangi terminalini qurmoqda. HBK Contracting esa Qatardagi 2022-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati finali o‘tkazilgan Lusail stadioni qurilishining bosh pudratchisi bo‘lgan.

Uzbekistan Airports kompaniyasining qayd etishicha, yangi aeroport Buxoroga kelayotgan sayyohlar oqimini qabul qilish va hududning xorijiy davlatlar bilan aviaqatnovlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

“Ochiq tender e’lon qilingani yirik xalqaro kompaniyalarda katta qiziqish uyg‘otdi. Buxorodagi loyihani amalga oshiradigan jamoa yo‘lovchilar uchun zamonaviy infratuzilma va qulay aeroport barpo etib, hududning xorijlik sayyohlar uchun jozibadorligini oshirishiga va umuman, O‘zbekiston aviatsiya sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shishiga ishonamiz”, — deyiladi xabarda.

Yangi Buxoro aeroporti

Aprel oyida prezident yangi aeroport qurilishi loyihasi bilan tanishdi. Havo bandargohi va unga yondosh infratuzilma uchun shahar tashqarisidan 370 gektar yer ajratildi. Aeroportgacha 2 ta yo‘l o‘tkazgich, 9 ta yerosti o‘tish yo‘li va 8 ta ko‘prikni o‘z ichiga olgan 23,8 km uzunlikdagi yo‘l quriladi.

Uzunligi 3,3 km bo‘lgan yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi barcha turdagi havo kemalarini qabul qilishga qodir bo‘ladi. Aerovokzal terminali esa soatiga 1200 nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi.

May oyida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev loyihaga 50 dan ortiq kompaniya qiziqish bildirganini Spot’ga ma’lum qilgan edi.

Avvalroq Spot Toshkent aeroportida yo‘lovchi oqimi 16% ga o‘sgani, Navoiy va Qarshida esa kamaygani haqida yozgan edi.