Buxoroning yangi aeroportini qurish va boshqarish bo‘yicha tenderga 50 dan ortiq kompaniya qiziqish bildirdi. Bu haqda 5-may kuni transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Samarqandda bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi doirasida Spot muxbiriga bergan intervyusida ma‘lum qildi.

Aeroportlarni xususiy boshqaruvga berish haqida gapirar ekan, transport vaziri o‘rinbosari hozirda asosiy e‘tibor Buxoro aeroporti bo‘yicha tenderga qaratilganini ta‘kidladi.

“Buxoro bo‘yicha tender e‘lon qildik. Unga 50 ga yaqin kompaniya qiziqish bildirgan. Ularning nomini ayta olmayman, biroq taxminan 11-mayga borib birinchi bosqich yakunlanadi. Shundan so‘ng ikkinchi bosqichga o‘tamiz. Saralash o‘tkazamiz va uning asosida keyingi bosqichga o‘tamiz. Bu ham katta loyiha”, — deya qayd etdi Choriyev.

Transport vaziri o‘rinbosari tender e‘lon qilinishidan avval davlat infratuzilmani yaratish, jumladan, avtomobil yo‘li qurish, aerodrom infratuzilmasini rivojlantirish va dala ishlarini olib borishni boshlab yuborganiga aniqlik kiritdi. O‘z navbatida, xususiy sherik yo‘lovchi terminalini qurishi lozim bo‘ladi.

Mart oyida hukumat Buxoro xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik modeli asosida modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha tender e‘lon qilgan edi. Xususiy sherik terminal qurilishiga, davlat esa aerodrom infratuzilmasini boshqarishga mas‘ul bo‘ladi.

aeroport, buxoro, jasurbek choriyev, tender, transport vazirligi

Aprel oyida prezident Buxorodagi yangi aeroport qurilishi loyihasi bilan tanishgandi. Havo bandargohi va unga yondosh infratuzilma uchun shahar tashqarisidan 370 gektar yer ajratildi. Aeroportgacha 2 ta yo‘l o‘tkazgich, 9 ta yerosti o‘tish yo‘li va 8 ta ko‘prikni o‘z ichiga olgan 23,8 km uzunlikdagi yo‘l quriladi.

Uzunligi 3,3 km bo‘lgan yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi barcha turdagi havo kemalarini qabul qilishga qodir bo‘ladi. Aerovokzal terminali esa soatiga 1200 nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi.

Spot, avvalroq, Toshkentning yangi aeroporti qurilishi iyun oyida boshlanishi haqida yozgandi.