Markaziy bank boshqaruvi 4-noyabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani 14% darajasida saqlab qolish yoki 13,5% gacha pasaytirish masalasini muhokama qildi. Biroq tariflar oshishi bilan bog‘liq inflyatsion xatarlarni hisobga olib, stavkani o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qilindi. Bu haqda Markaziy bank raisining o‘rinbosari Nodirbek Achilov shu kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
Uning ta’kidlashicha, tariflar oshishining inflyatsiyaga ta’siri birlamchi, qisqa muddatli va nisbatan past bo‘lishi kutilmoqda. Shu sababli yig‘ilishda asosiy stavkani oshirish masalasi muhokama qilinmagan.
“Tariflarning o‘zgarishi bo‘yicha kutilmalar va prognozlar ham hisobga olingan. Shu nuqtayi nazardan, boshqaruv ularning ikkilamchi ta’sirini yumshatish uchun qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirish maqsadga muvofiq deb hisoblaydi”, — dedi Achilov.
Markaziy bank raisi o‘rinbosari asosiy stavkani 13,5% gacha pasaytirish imkoniyati ham ko‘rib chiqilganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, inflyatsion kutilmalar, bazaviy inflyatsiya va valyuta bozoridagi ijobiy tendensiyalar stavkani pasaytirish uchun muayyan asoslarni shakllantirmoqda. Shundan kelib chiqib, Markaziy bank keyinchalik boshqaruvga ham taklif kiritishi mumkin.

“Bu asoslar yanada kuchayib, bizda ko‘proq ishonch hosil qilsa, keyingi yig‘ilish kun tartibiga stavkani pasaytirish masalasi kiritilishi ehtimollari bor”, — dedi u.
Shu bilan birga, Nodirbek Achilov hozirgi prognozlarda asosiy stavkani oshirish zaruratini ko‘rsatuvchi kutilma va prognozlar mavjud emasligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, 14% lik asosiy stavka hozirgi sharoitda inflyatsion xatarlarni jilovlash uchun yetarli hisoblanadi. “Tariflarning ta’sirini qisqa muddatli va yuqori bo‘lmagan darajada baholayapmiz”, — deya xulosa qildi u.
Avvalroq Spot Markaziy bank to‘lov svitchi orqali so‘mdagi hisob-kitoblar tartibini tasdiqlagani haqida yozgan edi.