Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida hudud iqtisodiyotini rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Joriy yilda viloyatga 3,5 mln xorijlik sayyoh kelishi kutilmoqda. Kelgusida bu ko‘rsatkichni ikki baravar oshirish rejalashtirilgan.
Mas’ullarga xorijlik sayyohlar sonini 7 mln ga yetkazish bo‘yicha oyma-oy reja tayyorlash topshirildi. Rejada qaysi davlatlardan sayyoh jalb etilishi, qanday yangi turpaketlar va tadbirlar taklif qilinishi, tumanlarda qaysi obyektlar ishga tushirilishi ko‘rsatilishi kerak.
Yig‘ilishda Buxorodagi xizmatlar sayyohlar talabiga mos emasligi qayd etildi. Prezidentning ta’kidlashicha, viloyatda hozircha besh yulduzli mehmonxona yo‘q, yirik savdo va ko‘ngilochar maskanlar ham yetarli emas. Mavjud xizmatlarning asosiy qismi esa Buxoro shahrida jamlangan.
“Servis taklifi talabga mos emas”, — dedi prezident.
Shu sababli joylashtirish, savdo, dam olish va sayohat xizmatlarini viloyat tumanlarida ham rivojlantirish zarurligi qayd etildi.
Qanday loyihalar rejalashtirilgan?
- Gulchorbog‘ mahallasida 50 gektar maydonda $80 mln lik turizm markazi tashkil etiladi. Unda ko‘rgazmalar zali, amfiteatr va mehmonxonalar joylashadi.
- Jalol Ikromiy mahallasida $60 mln lik kongress-xoll qurilmoqda. Uning yonida Hilton va Holiday Inn brendlari ostida ikkita yetti qavatli mehmonxona barpo etilmoqda.
- Buxoro tumanidagi 1000 gektar maydonda $500 mln lik turizm klasteri barpo etiladi. Bu sayyohlarning Buxoroda qolish muddatini o‘rtacha 4−5 kungacha uzaytirishi kutilmoqda.
- Shaharda sakkizta markaziy ko‘cha yangilanadi va oltita xiyobon barpo etiladi.
Shuningdek, Eski shahar, Yetti pir, Chor Bakr, Poykent, Varaxsha va Vardonze kabi tarixiy majmualarni yagona turizm konsepsiyasi asosida bog‘lash ko‘zda tutilgan.
Buxoroda turizm mavsumi to‘rt oydan olti oyga uzaygan. Prezident yilning qolgan qismida ham sayyohlarni jalb qilish uchun yangi tadbirlar va turizm mahsulotlarini taklif etish kerakligini ta’kidladi. Kelasi yil viloyatda 30 ga yaqin xalqaro tadbir o‘tkazish rejalashtirilgan.
Avvalroq Spot Buxoroda $7,8 mlrd lik 145 ta loyiha ishga tushirilayotgani va qurilishi boshlanayotgani haqida xabar bergandi.