Amirxon Valijonov — iBook kitob do‘koni va Tirilish nashriyoti asoschisi. U Buxoro shahrida tadbirkor va o‘qituvchi oilasida tug‘ilgan. Xalqaro huquqshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis bo‘lishiga qaramay, so‘nggi besh yildan buyon kitob savdosi va noshirlik bilan shug‘ullanib kelmoqda.

ibook kitob do‘koni, Tirilish nashriyoti asoschisi.
Kitob o‘qishga boshlang‘ich sinflardanoq qiziqqanman. Bobom Valijon shoir va qissachi bo‘lgan, ikkala buvim ham o‘qituvchi bo‘lgan. Onam ham kollejda dars bergan.
Bolaligimizda qarindoshlar yig‘ilganda she’rxonliklar bo‘lib turardi. Bobur va Navoiy g‘azallarini 3−4-sinflardayoq yod olganmiz. Shu sababli, kitobxonlik hayotimga oilaviy muhit ta’sirida juda erta kirib kelgan.
Aytganimdek kitob o‘qishimga oilaviy muhit asosiy sababchi. Singlim aslida mendan ham ko‘proq kitob o‘qiydi. Kitoblar ba’zan muammolarga yechim topishga ham yordam beradi. Masalan, biznesimda o‘sish nuqtamiz qayerda ekanligi haqida ko‘p o‘ylab, javob izlayotganimda Alisher Isayevning “O‘sish nuqtasi” kitobini o‘qib chiqdim. Hozir ham unga qayta-qayta murojaat qilaman.
Bolaligimdan beri ma’lum bir janrni alohida ajratib, faqat shu yo‘nalishda mutolaa qilmaganman. Nashriyotimizning ham aynan bir sohaga ixtisoslashmagani shundan bo‘lsa kerak. Bir vaqtning o‘zida badiiy, ilmiy-ommabop va diniy kitoblarni o‘qib boraman.
Kitob tanlashda avval sotuvchilar, tajribali kitobxonlar va ustozlar tavsiyasiga amal qilgan bo‘lsam, keyinchalik muallif, annotatsiya, mundarija, asar haqida bildirilgan xalqaro va mahalliy fikrlar hamda o‘zimda to‘plangan tajribaga ko‘proq e’tibor qarata boshladim.
Men uchun qog‘oz kitob — haqiqiy kitob. Elektron kitobga o‘sha asarning qog‘oz nusxasi mavjud bo‘lmaganda murojaat qilaman. Audiokitobni esa kitob deb hisoblamayman. Bu xuddi YouTube yoki Yandex Music’da podkast tinglashdek gap.
“Istiqlol jallodlari”, Mustafo Cho‘qay o‘g‘li
“Istiqlol jallodlari"ni birinchi marta 2022-yilda, eski nashrda o‘qiganman.
Kitobning asosiy g‘oyasi — ozodlikka intilish, qullik zanjirlariga qarshi millat bo‘lib, musht bo‘lib birlashishdir. Muallif Mustafo Cho‘qay o‘g‘li tasvirlangan voqealarda bevosita ishtirok etgan, voqealar ichida bo‘lgan.
Bu esa asarning ahamiyatini yanada oshiradi. Kitobda badiiy to‘qimalarning yo‘qligi ham shundan. Muallif keyinchalik o‘z xotira daftarida ushbu hujjatli kitobni yozib qoldirgan.
“Istiqlol jallodlari” menga tinchlikning dushmani borligini, u har doim bo‘lishi va millat sifatida hushyor bo‘lishimiz kerakligini o‘rgatgan. Kitobni 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar, erkaklar va ayollarga birdek tavsiya qilaman.

“Jinoyat va jazo”, Fyodor Dostoyevskiy
Aslida Fyodor Dostoyevskiy va Lev Nikolayevich Tolstoyning barcha kitoblarini tavsiya etgan bo‘lardim.
“Jinoyat va jazo"ni ro‘yxatga kiritishimning asosiy sababi — bu Dostoyevskiydan o‘qigan birinchi katta romanim. Uni aynan bosh qahramon Raskolnikov kabi yoshroq bo‘lganimda o‘qiganman.
Kitob haqida dunyo bo‘ylab har kuni bittadan maqola yoki taqriz chop etilsa kerak. Unga ortiqcha ta’rif berishning hojati yo‘q.
O‘ylaymanki, jahon adabiyoti durdonalari nafaqat muayyan yosh yoki toifadagi insonlarga, balki barchaga va hayotning turli sharoitlaridagi insonlarga tavsiya etilishi lozim.

“Mukoshafatul qulub” (“Qalblar kashfiyoti”), Abu Homid G‘azzoliy
Hozircha o‘qigan diniy adabiyotlarim orasida eng yaxshisi — “Mukoshafatul qulub"dir. Muallif sizga ehtiyotkorlik bilan nasihat qilmaydi. Bor gapni boricha aytadi va har bir sahifada “Menga aytyapti,” deyishga majbur qiladi.
Kitobni aql, qalb va ruh uyg‘unligida o‘qishga harakat qilish lozim. Shunda asar ko‘plab sirlarni ochib beradi va uzoq vaqt davomida hayotingizga ta’sir ko‘rsatadi.
Uni karantin, ya’ni COVID-19 pandemiyasi davrida birinchi marta o‘qiganman. 2026-yilda “Mukoshafatul qulub"ning to‘liq tarjimasi ham nashr etilgan.
Kitoblar orasida eng ko‘p qayta murojaat qilganim ham shu asar bo‘lsa kerak. Chunki inson ruhi va qalbi doimo chiroyli yozilgan tanbehlarga muhtoj, deb o‘ylayman.

“Tazkirat ul-avliyo”, Fariduddin Attor
“Tazkirat ul-avliyo” tarixda yashab o‘tgan eng buyuk valiylar — Allohning do‘stlarining o‘gitlari va hayotlarida sodir bo‘lgan o‘ziga xos voqealarni o‘z ichiga oladi.
Buyuk insonlar haqidagi bunday kitoblarni muntazam o‘qish insonni ezgulikka moyil qilib tarbiyalaydi. Asarda zikr etilgan 97 avliyoning har biridan butun umrimiz davomida asqotadigan qimmatli maslahatlarni olishimiz mumkin.

“Geografiya qasosi”, Robert Kaplan
Ro‘yxatga turli jins, yosh va hayotiy vaziyatdagi insonlarga mos keladigan kitoblarni tanlashga harakat qildim. Chunki kimdir “O‘sish nuqtasi” yoki “Muqaddima” kabi asarlarga sohasi bilan bog‘liq bo‘lmaganligi sababli qiziqmasligi mumkin.
Biroq, Robert Kaplanning “Geografiya qasosi” kitobi bugungi murakkab global geosiyosiy voqealar fonida hamma hech bo‘lmaganda bir ko‘z yugurtirib chiqishi lozim bo‘lgan asarlardan biri, deb o‘ylayman.
Kitobni o‘qib bo‘lgach, Isroil — Falastin, AQSH — Eron va Rossiya — Ukraina mojarolarining sabablarini anglagandek bo‘lasiz.

Yaxshi kitoblar to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam beradi
Kitobda o‘qigan g‘oyangizni har doim ham amalda qo‘llash shart emas, ayniqsa, u muayyan sohaga ixtisoslashgan kitob bo‘lmasa. Yaxshi kitoblarni ko‘p o‘qisangiz, ularning uyg‘unligi tufayli miyangizda tizimli g‘oyalar shakllanadi.
Yaxshi kitoblar to‘g‘ri qaror qabul qilish, ijodiy fikrlash, masalaga tizimli yondashish va avvalgidan yaxshiroq bo‘lishga yordam beradi. Shuning uchun aynan bitta kitob ko‘p narsani o‘zgartirmasligi mumkin. Ammo muntazam o‘qiladigan yaxshi kitoblar hayotingizga eng ko‘p ta’sir ko‘rsatadigan vositalardan biriga aylanadi. Doimiy ravishda mutolaa qilishimiz kerakligining sababi ham shunda.
Kitob o‘qishni endi boshlayotganlarga beradigan muhim maslahatlarimdan biri — boshidanoq sifatli kitoblarni tanlash. Shaxsiy rivojlanish, roman yoki sohaga oid kitob bo‘lishidan qat’i nazar, o‘sha yo‘nalishdagi eng malakali va tajribadan o‘tgan asarlarni o‘qing. Kitob o‘qishda bosqichma-bosqich borish shart emas. Eng birinchi bosqichdayoq darajani tanlang. Aks holda, keyinchalik qiyinchiliklarga duch kelishingiz mumkin.
Muntazam mutolaa qilishda qiynalayotganlarga kitob o‘qishni ongda ovqatlanish bilan tenglashtirishni maslahat bergan bo‘lardim. 10−15 kun ovqat yemasa, odamga nima bo‘ladi? O‘qimaslikning zararini ham shunga taqqoslash, hatto uni bundan kuchliroq deb hisoblash kerak.
Yosh tadbirkorlarga qaysi kitoblarni tavsiya etaman?
Faoliyatini endi boshlayotgan yosh tadbirkorlarga “Tejamkor startap,” “Noldan birga” va “Million dollarlik xatolar” kabi amaliy hamda nazariy ma’lumotlarga boy kitoblarni tavsiya etaman.
Ularni o‘qib, tavsiyalarga amal qilgan tadbirkor nisbatan kamroq xato qilishi mumkin. Odatda, biznesdagi dastlabki xatolar ancha qimmatga tushadi. Kitoblarni o‘qib, o‘rganganlarini boshidanoq amalda qo‘llashga harakat qilgan tadbirkor esa baribir kamroq pul yo‘qotadi.