Energetika vazirligi to‘qqiz oy davomida elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlaridan farq yuzaga kelganini izohladi. Tegishli post vazirlikning Telegram-kanalida e’lon qilindi.

2026-yil yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonda 69,6 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 67,2 mlrd kVt·soatni tashkil etgan.

Energetika vazirligida tushuntirilishicha, 2,5 mlrd kVt·soatlik tafovut aholi va korxonalar tomonidan o‘rnatilgan kichik quvvatli quyosh panellarida elektr energiyasi ishlab chiqarilishi bilan bog‘liq.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, to‘qqiz oy davomida bunday qurilmalar (Rooftop) 2,5 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqargan.

Biroq bu hajm Milliy statistika qo‘mitasining statistik ma’lumotlariga kiritilmagan. Vazirlik ikki idora ko‘rsatkichlarini taqqoslashda ushbu jihatni hisobga olish lozimligini ta’kidladi.

Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, jami issiqlik elektr stansiyalari 49,1 mlrd kVt·soat, yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari 10,5 mlrd kVt·soat, gidroelektr stansiyalari 6,6 mlrd kVt·soat, blok-stansiyalar esa 867,1 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqargan.


Avvalroq Spot o‘zbekistonliklar quyosh energiyasini sotib 642,1 mlrd so‘m daromad olgani haqida yozgandi.