Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida yangi obyektlarni ishga tushirish va loyihalar qurilishini boshlash marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Viloyatda umumiy qiymati $7,8 mlrd bo‘lgan 145 ta loyihadan iborat dastur shakllantirilgan. Shundan $654 mln lik 55 ta loyiha ishga tushirilmoqda, $7,1 mlrd lik 90 tasining esa qurilishi boshlanmoqda.

Loyihalar neft-kimyo, to‘qimachilik, qurilish materiallari, mashinasozlik, energetika, tog‘-kon sanoati, farmatsevtika, logistika, qishloq xo‘jaligi, uy-joy qurilishi va turizm kabi sohalarni qamrab oladi. Ularda AQSh, Kanada, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Xitoy, Vyetnam, Turkiya, BAA, Saudiya Arabistoni, Rossiya va Hindiston investorlari, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki hamda mahalliy tadbirkorlar ishtirok etmoqda.

Loyihalar natijasida 14 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilishi, yiliga 22 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi va $510 mln lik eksport imkoniyati paydo bo‘lishi kutilmoqda.

Prezidentning ma’lum qilishicha, so‘nggi to‘qqiz yilda viloyatga $9,5 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilingan, 6 mingdan ortiq ishlab chiqarish quvvati va 120 mingta doimiy ish o‘rni yaratilgan.

Energetika

So‘nggi yillarda viloyatdagi “yashil” energetikaga $2 mlrd jalb qilingan. Natijada umumiy quvvati 1000 MVt bo‘lgan shamol va 750 MVt lik quyosh elektr stansiyalari, shuningdek, 63 MVt lik energiya saqlash tizimlari ishga tushirildi. Shu bilan birga, 601 km magistral elektr tarmog‘i tortildi.

Hozirda G‘ijduvonda ACWA Power kompaniyasi bilan 300 MVt lik “Bosh-2” shamol elektr stansiyasi qurilmoqda. Jondorda Toyota va Peshkuda Sinoma kompaniyalari ishtirokida esa umumiy quvvati 1000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalari barpo etilmoqda.

Shuningdek, quyidagi loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan:

  • Kogon tumanida xitoylik hamkorlar bilan maishiy chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish ($165 mln);
  • Germaniyaning Leman kompaniyasi bilan “Amu-Buxoro” kanali nasos stansiyalarining barqaror ishlashini ta’minlash ($150 mln).

To‘qimachilik

Buxoro shahrida Kurt Baver brendi ostida yiliga 62 ming tonna mahsulot ishlab chiqaradigan to‘qimachilik kompleksi quriladi. Romitanda esa xitoylik investorlar ishtirokida $400 mln lik paxta-to‘qimachilik klasteri tashkil etilmoqda. Shuningdek, 9 ming gektar yerni o‘zlashtirish taklif qilingan.

buxoro, investitsiya, prezident, qurilish, turizm

Bu loyihalar natijasida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini 65% ga yetkazish va qo‘shimcha $100 mln lik eksport imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilgan.

Turizm

Buxoro turizm markazida “Boqiy Buxoro” madaniy-etnografik parki, ko‘rgazmalar zali, mehmonxonalar va ko‘ngilochar maskanlar barpo etiladi. Shuningdek, shaharda Indigo, Holiday Inn va Hilton brendlari ostida mehmonxonalar ochish rejalashtirilgan.

“Umuman, Buxoroda qiymati $3 mlrd lik 19 ta yirik loyihani boshlaymiz. Agar bu ishlarni tizimli tashkil qilsak, birgina Buxoroning o‘zida bemalol $5 mlrd lik turizm xizmatlari eksportini ta’minlaymiz”, — dedi prezident.

Suv ta’minoti va yo‘llar

Kelgusi besh yilda Buxoro viloyati aholisini to‘liq ichimlik suvi bilan, yirik shaharlar va tuman markazlarini esa kanalizatsiya tarmog‘i bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Xalqaro hamkorlar bilan umumiy qiymati $633 mln bo‘lgan ikkita loyiha boshlangan.

Ular hisobiga 2 mln aholining suv ta’minoti yaxshilanadi, 781 ming kishi esa ilk bor ichimlik suviga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, viloyatning tranzit salohiyatini uch baravar oshirishga qaratilgan, qiymati $565 mln bo‘lgan yettita yo‘l loyihasi amalga oshiriladi.

Avvalroq ROX Group Toshkent, Buxoro va Samarqandda 115 ming kishilik turar joy massivlarini qurishi haqida xabar berilgandi.