Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida Vyetnamning ROX Group kompaniyasi O‘zbekistonda amalga oshirishni rejalashtirgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Kompaniya Buxoroda ikkita, Toshkentning Uchtepa tumani va Samarqandda bittadan, jami to‘rtta shaharsozlik loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Loyihalar jami 115 ming nafar aholiga mo‘ljallangan bo‘lib, umumiy maydoni 285 gektarni, investitsiya hajmi esa $4,5 mlrd ni tashkil etadi.

Buxoro tumanidagi 65 gektar va Buxoro shahridagi 25 gektar maydonda turar joy massivlari qurilishi boshlangan. Ularda 30 ming nafar aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, mehmonxonalar, biznes-markazlar, savdo, xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar obyektlar barpo etiladi.

Uchtepa tumanidagi loyiha yangi shahar muhitini yaratishni nazarda tutadi. Samarqanddagi loyiha esa mavjud sayyohlik majmuasi atrofidagi infratuzilmani kengaytirishga qaratilgan.

Shuningdek, kompaniya Jizzax viloyatining Zomin tumanida sanoat zonasi tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Prezident loyihalar konsepsiyalarini ma’qulladi. Mas’ullarga loyihalar uchun zarur infratuzilma va ularni amalga oshirish mexanizmlarini kompaniya bilan birgalikda ishlab chiqish topshirildi.

Avvalroq Buxoroda 50 gektar maydonda $105 mln evaziga yangi turizm markazi va $136 mln ga Kongress-xoll va mehmonxonalar qurilayotgani haqida xabar berilgandi.