Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahrida qurilayotgan Kongress-xoll majmuasi va mehmonxonalarni ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qiymati $60 mln bo‘lgan loyiha doirasida 14,5 ming kv. metr maydonga ega bino qurilmoqda. Hozirda asosiy betonlash ishlari yakunlangan, tashqi muhandislik tarmoqlarini tortish, fasad va tom qismlarini qurish davom etmoqda.







Majmuada forumlar, oliy darajadagi uchrashuvlar va boshqa yirik xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shu hududda qiymati $37 mln bo‘lgan Hilton Garden Inn mehmonxonasi ham qurilmoqda. Yetti qavatli, 212 xonali mehmonxonada yerosti avtoturargohi bo‘ladi. Binoning asosiy konstruksiyalari qurib bitkazilgan, hozir ichki devorlar, muhandislik tarmoqlari va fasad ishlari olib borilmoqda.
Yana bir loyiha qiymati $39,6 mln bo‘lgan Holiday Inn mehmonxonasidir. U ham yetti qavatli va 212 xonali bo‘ladi. Mehmonxona yonida ikki qavatli biznes-markaz barpo etilmoqda. Hozirda mehmonxonada tom montaji va ichki devorlarni qurish, biznes-markaz yerto‘lasida esa betonlash ishlarining yakuniy bosqichi davom etmoqda.
Uchala loyihaning umumiy qiymati $136,6 mln ni tashkil etadi. Qurilish ishlarini belgilangan muddatda yakunlash topshirildi. Biroq obyektlarni foydalanishga topshirish muddatlari ma’lum qilinmagan.
Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonga kelgan xorijlik sayyohlar soni 2016-yilga nisbatan qariyb olti baravar, turizm xizmatlari eksporti esa 11 baravar oshgan.
Avvalroq suv omborlari atrofidagi turizm biznesi uchun yer va mol-mulk solig‘i 50% ga kamayishi haqida xabar berilgandi.






