Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzakov boshchiligidagi delegatsiya Italiyaga tashrifi doirasida Emiliya-Romanya viloyati prezidenti Mikele de Paskale bilan uchrashdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Tomonlar sanoat, to‘qimachilik va ishlab chiqarish yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashdi. Hududlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, delegatsiyalar tashriflarini tashkil etish va Namangan viloyatiga investitsiya jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrif davomida Vinarjia Marko, SMI Group, Gamma Meccanica va Bonifiche Ferraresi kompaniyalari bilan oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va intensiv bog‘dorchilik yo‘nalishlarida investitsiya va eksport shartnomalari imzolandi.
Shartnomalarning umumiy qiymati ma’lum qilinmagan.
Boloniya va Rim shaharlarida “Namangan va Italiya” hamda “Namangan va Emiliya-Romanya” biznes-forumlari o‘tkazildi. Ularda 100 dan ortiq kompaniya vakillari ishtirok etdi. B2B uchrashuvlarda qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, to‘qimachilik va logistika sohalarida hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Namangan korxonalarining Italiya bozoriga chiqishi va qo‘shma ishlab chiqarish loyihalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mehnat migratsiyasi
Shuningdek, O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mutaxassislarini Italiyada mavsumiy ishga jalb qilish loyihasi rasman yo‘lga qo‘yildi. Birinchi bosqichda 40 nafar o‘zbekistonlik Italiyaga ishlash uchun borgan. Delegatsiya ularning yashash va ish joylarini ko‘zdan kechirdi.
Italiyaning Salvi kompaniyasi bilan kelgusi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasiga qo‘shimcha ming nafar o‘zbekistonlikni ishga jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Delegatsiya, shuningdek, Italiyaning Hududlar va avtonomiyalar vazirligi hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) rahbariyati bilan uchrashdi. Unda bog‘larni yangilash, tomchilatib sug‘orish, akvakultura va fermerlik bo‘yicha grant loyihalarini yo‘lga qo‘yish muhokama qilindi.
Avvalroq Spot 2027-yildan fuqarolarni xorijga ishga yuborish to‘liq xususiy bandlik agentliklariga o‘tkazilishi haqida yozgan edi.