Germaniya Federal Oliy sudi Alisher Usmonovning Yevropa Ittifoqi Kengashiga qarshi da’vosini yuborishga to‘sqinlik qilinganini noqonuniy deb topdi. Bu haqda Die Welt nashri xabar berdi.
2026-yil 21-oktabrda chiqarilgan qaror Yevropa Ittifoqining sanksiyalar siyosati va shaxslarning sud orqali o‘z huquqlarini himoya qilish imkoniyatlari yuzasidan muhim huquqiy masalalarni kun tartibiga olib chiqdi.
2023-yil 29-dekabrda Gamburg yer sudi Usmonovning da’vosini Yevropa Ittifoqi Kengashiga yuborish haqida qaror chiqardi. Biroq sud rahbari da’voni yuborishni rad etdi.
WELT maqolasida bu qaror Germaniya hukumati vakillari, jumladan, Adliya va Tashqi ishlar vazirliklari bilan maslahatlashuvlardan so‘ng qabul qilingani aytiladi. Hukumat vakillari Yevropa Ittifoqining sanksiyalar tizimini milliy sudlar orqali qayta ko‘rib chiqish mumkin emasligini ta’kidlagan.
Usmonov yuqori sudlarga shikoyat qilganidan keyin ish Germaniya Federal Oliy sudiga yetib bordi. Sud uning da’vosini yuborishni rad etish noqonuniy bo‘lganini va arizachining huquqlarini buzganini bildirdi. Qaror Usmonovning Yevropa Ittifoqi Kengashiga qarshi da’vo qilish imkoniyatini tikladi.
Shu bilan birga, sud Yevropa Ittifoqining Usmonovga nisbatan sanksiyalarini noqonuniy deb topmadi. Qaror faqat da’voni yuborishga to‘sqinlik qilingan protsessual holatga taalluqli. Endilikda Usmonovning da’vosi Bryusselga yuborilishi va Yevropa Ittifoqi Kengashi uning talablariga javob berishi kerak.
Usmonov 2022-yil mart oyida Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. USM Holding asoschisi “davlat bilan bog‘liq biznesmenlar"dan biri — moliyaviy oqimlarni boshqarishda Kremlga yordam beruvchi, mavqeyi Rossiya prezidenti Vladimir Putinga bog‘liq bo‘lgan ishonchli shaxslardan biri sifatida ta’riflangan.
Tadbirkor Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga qarshi sudga murojaat qilib, cheklovlar USM tarkibidagi asosiy kompaniyalar — MegaFon, Metalloinvest va Udokanskaya Med’ning bankrot bo‘lishiga olib kelishi mumkinligini bildirgan. Yevropa Ittifoqi Umumiy sudida Usmonovning advokati sanksiyalar joriy etilishiga uning boyligi va mashhurligi sabab bo‘lganini ta’kidlagan.
Usmonovning o‘zi ham sanksiyalar haqida bir necha bor fikr bildirgan. Tadbirkorning aytishicha, cheklovlar uning ishchanlik obro‘siga, shuningdek, u aksiyador bo‘lgan kompaniyalarning xodimlariga ta’sir ko‘rsatmoqda. 2023-yil boshida biznesmen korporativ loyihalardagi ishtirokini to‘xtatib, xayriya faoliyatiga o‘tganini ma’lum qilgan.
2026-yil 22-sentabrda Usmonov Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarilgan edi. Biroq uning fikricha, sanksiyalarga asos bo‘lgan ayrim ayblovlar rasmiy saytlarda saqlanib qolgan va uning obro‘siga zarar yetkazishda davom etmoqda. Shu sababli u sanksiyalardan chiqarilganidan keyin ham sud jarayonini davom ettirmoqda.
WELT maqolasida qaror Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostidagi boshqa shaxslar uchun ham muhim bo‘lishi mumkinligi ta’kidlanadi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, sanksiyalar ro‘yxatida 3 mingdan ortiq jismoniy shaxs mavjud.
Agar Yevropa Ittifoqi Kengashi Usmonovga nisbatan ayblovlarni asoslay olmasa, bu boshqa shaxslarning ham o‘z huquqlarini sud orqali himoya qilishiga yo‘l ochishi mumkin.
Maqolada Germaniya Federal Oliy sudining qarori sudga murojaat qilish huquqi hukumatning tashqi siyosiy manfaatlaridan ustun turishi kerakligini ko‘rsatishi ta’kidlangan.
Biroq bu qaror Yevropa Ittifoqining barcha sanksiyalarini bekor qilmaydi va uning siyosatini avtomatik ravishda o‘zgartirmaydi.
Avvalroq Spot Alisher Usmonov Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarib tashlangani haqida yozgandi.