Vazirlar Mahkamasining 31-oktabrdagi qarori (VMQ-601-son) bilan gazlashmagan hududlar uchun bazaviy me’yor oshirildi.
Unga ko‘ra, tabiiy gaz ta’minoti mavjud bo‘lmagan yoki gaz yetkazib berish qiyin bo‘lgan hududlarda isitish mavsumida elektr energiyasi iste’molining bazaviy me’yori 200 kVt/soatdan 350 kVt/soatga oshirildi.
Shuningdek, elektr energiyasi uchun kompensatsiya hisob-kitoblarida ushbu hududlardagi xonadonlar uchun 350 kVt/soatlik me’yor qo‘llanadi. Tabiiy gaz bilan ta’minlangan hududlarda esa bazaviy me’yor 200 kVt/soatligicha qoladi.
Tabiiy gaz yetib bormaydigan yoki uni yetkazib berish qiyin bo‘lgan hududlardagi xonadonlar ro‘yxatini har yili mahalliy hokimliklar Energetika vazirligi, Hududgazta’minot va Hududiy elektr tarmoqlari kompaniyasining takliflari asosida tasdiqlaydi. Qaror 1-noyabrdan kuchga kirgan.
Isitish mavsumi Qoraqalpog‘iston va Xorazmda oktabrdan fevralgacha, boshqa hududlarda esa noyabrdan fevralgacha davom etadi.
6-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan taqdimotda isitish mavsumida gazlashmagan va gaz yetib bormagan hududlarda elektr energiyasi bo‘yicha bazaviy me’yorni 200 kVt/soat dan 350 kVt/soat ga oshirish taklifi ma’qullandi. Undan keyin Ijtimoiy himoya milliy agentligining bu bo‘yicha hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshed Mustafayev gazlashmagan hududlarda elektr energiyasi uchun bazaviy me’yorni 200 kVt·soatdan 350 kVt/soatga oshirish taklifini ikki asos bilan izohladi. Uning aytishicha, birinchidan, kam ta’minlangan oilalarga bazaviy me’yordan ortiq elektr sarfining bir qismi kompensatsiya qilinadi. Ikkinchidan, tahlillarga ko‘ra, gazlashmagan hududlar aholisining 60% i qishda oyiga 300 kVt/soatgacha elektr energiyasi ishlatadi.
Hozirda qariyb 4 mln xonadon tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan, 600 mingdan ortiq xonadonda esa gaz ta’minoti uzilib turadi. 2025-yil 2-dekabrdan 2026-yil 13-martgacha ushbu xonadonlarning elektr iste’moli o‘rganilib, ular uchun ham bazaviy me’yorni 350 kVt/soat etib belgilash taklif qilingan.
Avvalroq Spot 15-noyabrdan aholi uchun suyultirilgan gaz narxi 5 ming so‘m etib belgilanishi haqida yozgan edi.