O‘zbekistonda joriy yilgi isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilmoqda. Ijtimoiy himoya milliy agentligi bu bo‘yicha prezident farmoni loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Unga ko‘ra, noyabr oyida 1,17 mln dan ortiq oilaga 1 mln so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi. Ushbu chora-tadbirlar uchun esa 1,9 trln so‘m yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Yordam Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga, shuningdek, “mahalla yettiligi” xulosasi asosida reyestrga kiritish mezonlariga mos keladigan, ammo hali ro‘yxatga olinmagan oilalarga beriladi.

Jumladan, jon boshiga o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 2 baravaridan (1,43 mln so‘m) oshmaydigan oilalar qo‘llab-quvvatlanadi. Markazlashtirilgan isitish tizimiga ulangan ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalar uchun bu chegara Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda 2 baravar, Toshkent shahrida esa 3 baravar etib belgilanadi.

Shuningdek, yolg‘iz yashovchi va o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashaydigan oilalar ham yordam olishi mumkin.

Qo‘shimcha ro‘yxat shakllantirishda boquvchisini yo‘qotgan, I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan a’zolari, nogironligi bo‘lgan bolalari yoki uzoq muddatli davolanishga muhtoj bemorlari bor oilalarga ustuvorlik beriladi.

Shu bilan birga, oila a’zosi mehnat migratsiyasida bo‘lgan, bir xonadonda 3 va undan ortiq oila yashaydigan hamda gaz ta’minoti mavjud bo‘lmagan uylarning aholisi ham hisobga olinadi.

1-noyabrgacha qo‘shimcha ro‘yxatlar shakllantiriladi, bunda unga kiritiladigan oilalar soni tegishli hududda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar sonining 50% idan oshmasligi lozim.

Farmon loyihasiga ko‘ra, elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli uchun kompensatsiya olishda oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad mezoni minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 barobaridan 2 barobarigacha oshiriladi. Ko‘mir xarajatlarini qoplash uchun moddiy yordam olish mezoni ham 1 barobardan 2 barobargacha ko‘tariladi.

“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan kommunal xarajatlarni qoplash, qarzdorlikni bartaraf etish hamda ko‘mir yoki boshqa yoqilg‘i xarajatlarini qoplash uchun yordam olish mezonlari ham kengaytiriladi.

Elektr va gaz iste’molida bazaviy me’yordan ortiq sarflangan energiya uchun tariflar o‘rtasidagi farqni kompensatsiya qilish muddati 2028-yil 1-aprelgacha, ko‘mir xarajatlarini qoplash bo‘yicha yordam muddati esa 2029-yilgacha uzaytirilishi ko‘zda tutilgan.

Mablag‘lar 2026-yil 30-noyabrgacha fuqarolarning ijtimoiy yoki bank kartalariga to‘liq va o‘z vaqtida o‘tkazilishi belgilangan.

Shuningdek, gaz yetib bormaydigan yoki gaz bilan ta’minlash qiyin bo‘lgan hududlarda qishda elektr energiyasi iste’molining bazaviy me’yorini 200 kVt·soatdan 350 kVt·soatgacha oshirishni nazarda tutuvchi hukumat qarorini ham bir hafta ichida qabul qilish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, “og‘ir” toifadagi mahallalarda davlat ta’minotidagi oilalarga mansub 3 mingta xonadonning devor va tomlarini izolyatsiya qilish, energiya tejamkor deraza va eshiklar, quyosh panellari yoki geliokollektorlar o‘rnatish bo‘yicha ishlarni davom ettirish taklif etilgan.

Farmon loyihasi muhokamasi 28-oktabrgacha davom etadi.


Avvalroq Spot isitish mavsumida gazlashmagan hududlarda elektr bo‘yicha bazaviy me’yor 350 kVt·soatga oshirilishi haqida yozgandi.