Havo kuchli ifloslanganda avtomobillar harakati va ayrim korxonalar faoliyatini vaqtincha cheklash taklif qilinmoqda. Bu Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida nazarda tutilgan.
Unga ko‘ra, atmosfera havosi sifati yomonlashganda ishlab chiqarish quvvatlarini vaqtincha pasaytirish, og‘ir yuk mashinalari harakatini cheklash va avtomobillarni davlat raqamiga mos toq va juft kunlarda harakatlantirish joriy etilishi mumkin.
Hujjat prezidentning 2026-yil 25-martdagi “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. Unda havo ifloslanishining oldini olish, uning oqibatlarini kamaytirish va aholini o‘z vaqtida xabardor qilish mexanizmlari belgilangan.
Havo ifloslanganda qanday choralar ko‘riladi?
Atmosfera havosi sifati “qizil” va “binafsharang” darajaga yetganda atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifaga kiruvchi korxonalar ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishini kamaytirish uchun ishlab chiqarish quvvatlarini vaqtincha pasaytirishi kerak bo‘ladi. Maxsus huquqiy rejimga ega va strategik obyektlar bundan mustasno. Bu talab bajarilishini Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi — Ekopolitsiya nazorat qiladi.
Havo sifati yomonlashgan davrda shahar va viloyat markazlariga tutash hududlardagi issiqxonalarda yoqilg‘i hisoblanmaydigan mahsulotlardan foydalanishning oldini olish bo‘yicha doimiy reydlar o‘tkaziladi.
Tabiiy changlanish kuchayganda va havo sifati yomonlashganda mahalliy hokimliklar shahardagi favvoralarning uzluksiz ishlashini ta’minlashi kerak. Markaziy ko‘chalar, jamoat joylari va yashil hududlarni sug‘orish, maxsus transport vositalari yordamida namlantirish ishlari ham kuchaytiriladi.
Havo ifloslanishi yuqori bo‘lgan davrda shahar va viloyat markazlarida og‘ir yuk mashinalari harakati vaqtincha cheklanishi yoki ular aylanma yo‘llarga yo‘naltirilishi mumkin.
Zarurat tug‘ilganda avtomobillarning davlat raqamiga mos ravishda toq va juft kunlarda harakatlanishi belgilanishi mumkin. Bundan elektromobillar va maxsus transport vositalari mustasno. Ekologiya qo‘mitasining asoslantirilgan taklifiga ko‘ra, transport harakati vaqtincha cheklanadigan ko‘chalar va yo‘l uchastkalari ham belgilanadi.
Shahar markazlari va aholi zich yashaydigan hududlarda qurilish ishlariga vaqtinchalik cheklovlar kiritilishi mumkin. Qurilish maydonlarida chang bostirish uskunalaridan majburiy foydalanish, materiallarni yopiq holda saqlash va tashish, hududlarni muntazam namlantirish talablari belgilanadi.
Noqulay meteorologik sharoitlarda energetika korxonalarida mazutdan yoqilg‘i sifatida foydalanish taqiqlanishi taklif qilinmoqda. Biroq avariya holatlari va energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash zarur bo‘lgan favqulodda vaziyatlar bundan mustasno.
Aholi qanday ogohlantiriladi?
Loyihada atmosfera havosi sifatini baholash uchun milliy indeks joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, havo sifati besh darajaga ajratiladi:
- Yashil — ifloslanish xavfsiz darajada, ifloslantiruvchi moddalar miqdori ruxsat etilgan me’yordan oshmaydi.
- Sariq — ayrim sezgir aholi guruhlariga qisqa muddatli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
- Zarg‘aldoq — ifloslantiruvchi moddalar miqdori ruxsat etilgan me’yordan o‘rtacha darajada oshgan, sezgir guruhlarda noqulaylik yuzaga kelishi mumkin.
- Qizil — ifloslantiruvchi moddalar miqdori me’yordan yuqori, aholining katta qismi salomatligiga salbiy ta’sir xavfi mavjud.
- Binafsharang — havo yuqori darajada ifloslangan, cheklov va profilaktika choralarini ko‘rish talab etiladi.
Indeksni hisoblashda PM2.5, PM10, azot dioksidi, oltingugurt dioksidi, uglerod oksidi va ozon miqdori hisobga olinadi. Gidrometeorologiya xizmati agentligi ushbu moddalar miqdorini har kuni tahlil qiladi va hududlar bo‘yicha havo sifatining umumiy darajasini belgilaydi.
Havo sifati “qizil” va “binafsharang” darajaga yetganda Favqulodda vaziyatlar vazirligi avtomatlashtirilgan tizim orqali aholiga SMS-xabar yuborishi ko‘zda tutilgan.
Havo sifati “sariq” darajaga yetganda sezgir guruhlarga ochiq havodagi jismoniy faollikni cheklash tavsiya etiladi. “Zarg‘aldoq” darajada bolalar, homilador ayollar, keksalar va surunkali kasalligi bor shaxslar faollikni kamaytirishi, niqob taqishi kerak.
“Qizil” darajada sezgir guruhlarga bino ichida bo‘lish, “binafsharang” darajada esa barcha fuqarolarga ko‘chada uzoq vaqt bo‘lmaslik va sport bilan shug‘ullanmaslik tavsiya etiladi. Bunda masofaviy ish va o‘qishga o‘tish, ochiq havodagi ommaviy tadbirlarni bekor qilish ham ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, “qizil” va “binafsharang” darajalarda sog‘lig‘i yomonlashgan fuqarolarga poliklinikalar va tez tibbiy yordam xizmatlari ustuvor tartibda yordam ko‘rsatadi.
Hukumat qarori rasmiy e’lon qilingan kundan kuchga kirishi ko‘zda tutilgan. Loyiha bo‘yicha muhokamalar 12-dekabrgacha davom etadi.
Avvalroq Spot 24-dekabrdan Toshkentda avtomobillarni evakuatsiya qilish tartibi o‘zgarishi haqida yozgan edi.