Toshkentda 2027-yil uchun maishiy chiqindilarni olib chiqish xizmatlari tariflarini oshirish taklif etilmoqda. Bu haqda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi doimiy komissiyasining 25-noyabrdagi qarorida keltirilgan.
Hujjatga ko‘ra, aholidan qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish xizmati uchun to‘lov bir kishi hisobiga oyiga 10 ming so‘m etib belgilanishi rejalashtirilgan. Ushbu tarif QQSsiz ko‘rsatilgan.
Shuningdek, budjet tashkilotlari, yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish tarifi 1 kub metr uchun 119 969,79 so‘m, suyuq maishiy chiqindilarni olib chiqish esa 1 tonna uchun 251 744,65 so‘m etib belgilanishi taklif qilingan.
Bundan tashqari, chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarida qabul qilish xizmati uchun 1 tonnaga 155 281,27 so‘m, Ohangaron poligoniga tashish uchun 104 676,50 so‘m, poligonda qabul qilish va utilizatsiya qilish uchun 79 199,28 so‘m tarif belgilangan. Chiqindilarni poligonda ko‘mish xizmati esa 1 tonna uchun 1 148 146,48 so‘mni tashkil etadi.
2027-yil uchun taklif etilayotgan tariflar:
| Xizmat turi | O‘lchov birligi | Tarif (so‘m) QQSsiz |
| Aholidan qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish | 1 kishi/oy | 10 000 |
| Yuridik shaxslar va tadbirkorlardan qattiq chiqindilarni olib chiqish | 1 m³ | 119 969,79 |
| Suyuq maishiy chiqindilarni olib chiqish | 1 tonna | 251 744,65 |
| Qayta yuklash stansiyalaridan Ohangaron poligoniga tashish | 1 tonna | 104 676,50 |
| Qayta yuklash stansiyalarida chiqindilarni qabul qilish, presslash va utilizatsiya qilish | 1 tonna | 155 281,27 |
| Ohangaron poligonida chiqindilarni qabul qilish va utilizatsiya qilish | 1 tonna | 79 199,28 |
| Ohangaron poligonida chiqindilarni ko‘mish | 1 tonna | 1 148 146,48 |
Mazkur masala 15 kun davomida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Muhokamadan so‘ng tariflar xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi sessiyasida ko‘rib chiqiladi.
“Maxsustrans-ishlab chiqarish boshqarmasi"ga tariflar o‘zgarishi yuzasidan aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish topshirilgan.
Avvalroq Spot Yashnobodda atrof-muhitni ifloslantirgan qurilish korxonasiga 5,58 mlrd so‘m kompensatsiya hisoblangani haqida yozgandi.