Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining ilmiy-amaliy markazida transport-logistika sohasi investorlari va tadbirkorlari bilan uchrashuv o‘tkazayotgani haqida yozgan edi.

Davlat rahbari aviatsiya sohasini rivojlantirish, mahalliy mutaxassislar tayyorlash va aeroportlar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha yangi vazifalarni belgiladi.

Unga ko‘ra, mahalliy uchuvchilarni tayyorlash va ishga olish majburiyatini olgan aviakompaniyalar uchun alohida imtiyozlar joriy etiladi. Xususan, ular jalb qilgan xorijlik mutaxassislar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1% etib belgilanadi.

Shuningdek, bunday xorijiy mutaxassislarga ishlash uchun ruxsatnoma berish yig‘imi 30 barobar kamaytiriladi.

Yaratilayotgan sharoitlar hisobiga O‘zbekistondagi havo kemalari sonini 2027-yilda 150 taga, 2030-yilga qadar esa kamida 250 taga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari, xalqaro aeroportlar 2030-yilgacha mol-mulk va yer soliqlaridan ozod etiladi. Biroq tejalgan mablag‘lar aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltirilishi shart.

Shuningdek, prezident O‘zbekiston xalqaro fuqaro aviatsiyasi universitetini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Buning uchun Yangi Toshkent hududidan 20 gektar yer ajratiladi. Universitetda zamonaviy kampus, o‘quv-simulyatsiya va ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.


Avvalroq Spot O‘zbekiston Qozog‘iston va Xitoy bilan aviaqatnovlar sonini oshirishi haqida yozgandi.

Qozog‘iston bilan ayrim yo‘nalishlarda haftalik parvozlar 42 tadan 60 tagacha, Xitoy bilan esa 100 tadan 114 tagacha ko‘paytirishga ruxsat berildi.