Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatida islohotlar natijadorligini oshirish, mahalliy sanoatni rivojlantirish va aholi daromadlarini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda joriy yil yakuniga ko‘ra viloyat yalpi hududiy mahsuloti 9,6% ga, sanoat ishlab chiqarishi 8,5% ga, xizmatlar hajmi esa 16,3% ga o‘sishi kutilayotgani qayd etildi.
Viloyatda sanoat, energetika, qurilish materiallari, elektrotexnika va farmatsevtika sohalarini rivojlantirish uchun kamida $20 mlrd lik investitsiya loyihalari portfeli shakllantirilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston, Beshariq va Farg‘ona tumanlaridagi qariyb 1,5 ming gektar samarasiz foydalanilayotgan yerda maxsus sanoat zonalarini tashkil etish taklifi ma’qullandi.
Farg‘ona shahrida kimyo sanoati korxonalarining bo‘sh turgan 24 gektar maydonida innovatsion texnopark tashkil etilib, unga $300 mln lik loyihalar joylashtirilishi rejalashtirilgan. Eltexsanoat texnoparki hududi esa qo‘shimcha 70 gektarga kengaytiriladi, Dang‘ara tumanida uning filiali ochiladi.
2027-yilda viloyat yalpi hududiy mahsulotini kamida 10% ga, sanoat ishlab chiqarishini 9% ga oshirish, $6,1 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilish va eksport hajmini $2 mlrd ga yetkazish maqsad qilingan.
Qishloq xo‘jaligida Farg‘ona, Quva va Oltiariq tumanlaridagi agrostar kompaniyalari bilan hamkorlikda 37 ming gektar maydonda intensiv bog‘lar tashkil etish topshirildi. Shuningdek, viloyatda 100 ming bosh qoramol boqishga mo‘ljallangan loyihalarni amalga oshirish, Bag‘dod va Furqat tumanlarini chorvachilikka ixtisoslashtirish rejalashtirilmoqda.
Turizm sohasida Marg‘ilon, Qo‘qon va Farg‘ona shaharlarida yirik turistik majmualar tashkil etish, Chimyonsoy bo‘yida hamda bir qator tumanlarda zamonaviy dam olish maskanlarini barpo etish loyihalari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda aholi bandligi va daromadlarini oshirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. 2027-yilda viloyatda 1,1 mln nafar aholining daromadini ikki barobar oshirish maqsad qilingan.
Buning uchun har yili bittadan tuman yoki shahardagi 10 ta mahallani sanoat, savdo va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtirish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlari hamda Uchko‘prik tumanidagi to‘rtta texnikumda fuqarolarni Germaniya va Janubiy Koreya standartlari asosida kasbga tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu orqali yiliga 6 ming nafar fuqaroni xorijda ishlash uchun tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlarida jami 600 ming nafar aholiga mo‘ljallangan yirik shaharsozlik loyihalarini amalga oshirish, yangi ta’lim va tibbiyot muassasalari hamda sport majmualarini qurish rejalari taqdim etildi.
Yig‘ilish yakunida prezident viloyat rahbariyatiga investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish, aholi daromadlarini oshirish va mavjud iqtisodiy imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Avvalroq Spot Namanganda yangi aeroport terminali, IT-park, 50 ming xonadon va yangi sanoat loyihalari barpo etilishi haqida yozgandi.