Germaniyada qurilish kasblari bo‘yicha bepul ta’lim beruvchi APAL 2027 dasturiga qabul boshlandi. Dasturga jami 16 nafar kishi saralab olinadi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Dastur Germaniya Federal bandlik agentligi va Gyote instituti ishtirokida amalga oshiriladi. U Germaniyaning Ausbildung tizimi asosida tashkil etilgan bo‘lib, unda ishtirokchilar bir vaqtning o‘zida ta’lim oladi va amaliyot davomida ishlaydi. Mashg‘ulotlar 2027-yil kuzida boshlanadi.

Nomzodlar quyidagi to‘rtta yo‘nalishdan birini tanlashi mumkin:

  • avtomobil yo‘llari qurilishi (2 yil);
  • kanalizatsiya tarmoqlari qurilishi (2 yil);
  • quvur tarmoqlari qurilishi (2 yil);
  • chuqur poydevorlar qurilishi (3 yil).

Dastur ishtirokchilariga stipendiya to‘lanadi: birinchi yili oyiga 885 yevro (soliqlar va boshqa majburiy ushlanmalardan keyin qo‘lga tegadigan summa), keyingi yillarda esa stipendiya tariflarga muvofiq oshib boradi. Dasturni muvaffaqiyatli tamomlaganlarga oyiga 2400 yevrodan boshlanadigan maosh bilan doimiy ish taklif etiladi.

Ta’lim va amaliyot haftasiga jami 40 soatni tashkil etadi.

Nomzodlarga qo‘yiladigan talablar:

  • 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lish;
  • 2026-yil fevralidan oldin berilmagan, nemis tilini B1 darajada bilish sertifikatiga ega bo‘lish;
  • maktab attestati yoki kasbiy ta’lim diplomiga ega bo‘lish;
  • ariza topshirish vaqtida boshqa loyihada ishtirok etmayotgan bo‘lish.

Qurilish sohasidagi ish tajribasi nomzodlarni saralashda ustunlik beradi.

Dastur nimalarni o‘z ichiga oladi?

Ta’lim bepul. Ishtirokchilarning aviachiptalari va vizasi xarajatlari qoplab beriladi, vizani rasmiylashtirishda yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, ularni aeroportda kutib olib, yashash joyiga yetkazish tashkil etiladi. Turar joy imtiyozli narxda, taxminan 250 yevroga taqdim etiladi.

Birinchi yil davomida dushanbadan jumagacha ishtirokchilar kuniga uch mahal bepul ovqat bilan ta’minlanadi. Shuningdek, ularga bir oylik jamoat transporti chiptasi bepul beriladi va tibbiy sug‘urta xarajatlari qoplab beriladi.

Nomzodlar havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin bo‘lib, arizalarni topshirishning oxirgi muddati 30-noyabr.

Talablarga javob beradigan nomzodlar bilan aloqa markazi xodimlari bog‘lanadi. Qo‘shimcha savollar bo‘yicha 1282 raqamiga murojaat qilish mumkin.


Avvalroq Spot Migratsiya agentligi Germaniya klinikalarida ishlash uchun hamshiralarni qabul qilishni e’lon qilgani haqida yozgandi. Ushbu dastur doirasida jami 800 nafar kishini ishga joylashtirish rejalashtirilgan.