Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev qo‘riqlash xizmatlari sifati va qamrovini oshirishga qaratilgan taqdimot bilan tanishgani haqida yozgandi.

Unda qo‘riqlash sohasida xususiy tashkilotlar imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun zarur huquqiy va tashkiliy sharoitlarni yaratish taklif qilindi. Jumladan, ular tomonidan texnik qo‘riqlash vositalarini o‘rnatish, sozlash va ularga xizmat ko‘rsatishning yagona tartibi va talablarini belgilash rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, zamonaviy qo‘riqlash vositalarini mahalliylashtirish, milliy dasturiy ta’minot va qurilmalar ishlab chiqarishni kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Buning hisobiga mahalliylashtirish darajasini 30% dan 60% ga, qurilmalar ishlab chiqarish quvvatini oyiga 10 mingdan 30 mingtagacha oshirish mumkin. Natijada ularning tannarxini 1,7 barobar arzonlashtirish imkoniyati mavjud.

Sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida Milliy gvardiyaning qo‘riqlash faoliyatiga oid vakolatlarini kengaytirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Xususan, u qo‘riqlashi mumkin bo‘lgan obyektlar turlarini 13 tadan 24 taga yetkazish taklif qilindi. Jismoniy va texnik qo‘riqlash, tansoqchilik hamda tadbirlarda jamoat tartibini saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlari ham kengaytirilishi mumkin.

Bundan tashqari, majburiy qo‘riqlanishi lozim bo‘lgan obyektlar toifalarini qonunchilikda belgilash va idoraviy qo‘riqlash bo‘linmalarining huquq-tartibot organlari bilan hamkorligini takomillashtirish nazarda tutilmoqda.

Taklif etilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2027-yilda qo‘riqlashga olingan obyektlar sonini 600 mingtaga, tezkor harakatlanuvchi guruhlar sonini 800 taga yetkazish maqsad qilingan.

Shuningdek, qo‘shimcha 1,5 mingta mahallada patrullik xizmatini tashkil etish uchun qo‘riqlash xodimlari sonini 8 ming nafarga oshirish rejalashtirilmoqda.

Prezident qo‘riqlash tizimini takomillashtirishda inson manfaatlari, aholining osoyishtaligi va mol-mulki daxlsizligini ta’minlash ustuvor vazifa bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Mutasaddilarga aholi uchun sifatli va hamyonbop xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, mas’ul idoralarning hamjihatlikda ishlashini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Avvalroq O‘zbekistonda ommaviy tadbirlar uchun xavfsizlik xizmatlari pulli bo‘lishi taklif etilgani haqida xabar berilgandi.