Markaziy bank nazorati qo‘mitasi 2027-yil uchun tizimli ahamiyatga molik banklar ro‘yxatini tasdiqladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Unga yettita bank kiritilgan bo‘lib, ularning tarkibi o‘tgan yilga nisbatan o‘zgarishsiz qoldi:
- O‘zmilliybank;
- Agrobank;
- O‘zsanoatqurilishbank;
- Asakabank;
- Kapitalbank;
- Xalq banki;
- Ipoteka-bank.
Banklar aktiv va majburiyatlari hajmi, bank tizimining boshqa ishtirokchilari bilan o‘zaro bog‘liqligi, qamrovi hamda operatsiyalarining murakkabligi asosida baholandi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-oktabr holatida ushbu banklarning aktivlari mamlakat bank tizimi jami aktivlarining 60% ini tashkil etgan.
Tizimli ahamiyatga molik banklar uchun alohida bank nazorati o‘rnatiladi. Shuningdek, ularga tavakkalchilikni hisobga olgan aktivlarining 1% i miqdorida qo‘shimcha kapital buferini shakllantirish talabi qo‘yiladi.
Joriy yilning aprel oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonni tizimli ahamiyatga ega davlat banklarini saqlash rejasini qayta ko‘rib chiqishga chaqirgandi. XVJga ko‘ra, davlat tijorat banklariga davlat funksiyalarini yuklash moliyaviy xatarlar va budjet xarajatlarini oshirishi mumkin.
Avvalroq Spot O‘zbekistondagi yirik banklarni xususiylashtirish 2028-yilgacha kechiktirilishi mumkinligi haqida yozgan edi.