O‘zbekistonda naslli buqalarni import qilish uchun ham subsidiya ajratish taklif qilindi. Bu haqda 24-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan chorvachilik sohasi vakillari bilan onlayn muloqotda ma’lum qilindi.
Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanidagi Shukur davlat fermer xo‘jaligi rahbarining aytishicha, uning xo‘jaligida 1 mingdan ortiq qoramol bor. U go‘sht yo‘nalishida yana 2 ming bosh chorva boqish loyihasini ham taklif qilgan. Hozirda loyiha uchun yer toifasini o‘zgartirish ishlari olib borilmoqda.
Fermer avvalroq chetdan naslli qoramollarni samolyotda olib kelish xarajatlari yuqoriligi sababli subsidiya ajratishni so‘ragani, uning taklifi ma’qullanib, hozirda har bir naslli sigir uchun 4 mln so‘mdan subsidiya berilayotganini ta’kidladi.
Endi u shu imtiyozni naslli yosh buqachalarga ham tatbiq etishni so‘radi. Uning fikricha, bunday chora go‘sht yetishtirish samaradorligini oshiradi. Fermer Yevropaning bir nechta davlatiga borib, naslli buqalarni olib kelish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazganini, biroq transport xarajatlari yuqoriligini ta’kidladi. Uning aytishicha, katta samolyot ijarasi 240 ming yevro, kichigi esa 120 ming yevroga tushadi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov esa naslli buqalar uchun subsidiya ajratish qanday natija berishini so‘radi. Fermer buqachalar taxminan 250−300 kilogramm vaznda olib kelinishi va go‘sht yetishtirish uchun boqilishini, keyinchalik so‘yilishini tushuntirdi.
Vahobovning fikricha, bunday subsidiya go‘sht narxining pasayishiga olib kelmasligi mumkin, chunki savdogarlar mahsulotni avvalgidek qimmat narxda sotishda davom etadi.
“Mening fikrimcha, go‘sht narxi baribir arzon bo‘lmaydi. Savdogarlar baribir qimmatga sotaveradi. U [subsidiya] sezilmaydi”, — dedi Vahobov.
Biroq, tadbirkor importni subsidiyalash samara berishiga ishontirdi va hozirda Qoraqalpog‘istonga naslli buqalar aynan shunday subsidiya asosida olib kelinayotganini eslatdi.
Palata raisi esa Xitoy tajribasini misol qilib, subsidiyalarni urg‘ochi chorva mollariga yo‘naltirish orqali ularni mamlakat ichida ko‘paytirish va boqishni rag‘batlantirish mumkinligini aytdi. “Bizda hozir urg‘ochi mollarning foizi kam, faqat buqalar bor”, — dedi u.
Shu bilan birga, Davron Vahobov fermerning taklifini qayd etib, Qoraqalpog‘istonda naslli buqachalarni import qilish uchun subsidiya berish tajribasini o‘rganishni taklif qildi.
“Agar o‘sha yerda ijobiy natija bergan bo‘lsa, buni ham bir ko‘tarib olib chiqamiz”, — dedi Savdo-sanoat palatasi raisi.
Prezident qarori bilan 2026-yil 1-iyuldan 2030-yilgacha xonadonlarda boqiladigan sigirlardan olingan nasldor buzoqlar uchun 500 ming so‘mdan 700 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi. Joriy yil 1-iyundan 2029-yilgacha xorijdan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar olib kirishda QQS olinmaydi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda qo‘shimcha 400 ming tonna go‘sht yetishtirish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.