Shavkat Mirziyoyev chorvachilikni rivojlantirish va tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar bilan tanishdi.
Rejaga ko‘ra, chorva mahsuldorligini oshirish orqali qo‘shimcha 400 ming tonna go‘sht yetishtirish imkoniyati yaratiladi. Buning uchun qoramollarni so‘yishga topshirishdagi tirik vaznini hozirgi 250−350 kg dan 450−550 kg gacha oshirish ko‘zda tutilgan.
Sun’iy urug‘lantirish va yuqori genetik qiymatga ega embrionlarni ko‘chirib o‘tkazish texnologiyalari kengaytiriladi. Shuningdek, yirik chorvachilik xo‘jaliklari bilan aholi xonadonlari o‘rtasida kooperatsiya yo‘lga qo‘yiladi.
Taqdimotda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash choralari ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, “Pivot” sug‘orish texnologiyasini joriy etish uchun ajratiladigan subsidiya miqdorini har bir gektarga 2,5 mln so‘mdan 4 mln so‘mgacha oshirish taklif qilindi.
Kamida 10 gektar maydonni sug‘orishda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish uchun uskunalar xarajatlarining 50% igacha qismini qoplash ham nazarda tutilmoqda.
500 gektardan ortiq yerni ozuqabop ekinlar uchun o‘zlashtirgan tadbirkorlarga esa mahalliy budjet hisobidan 100 ming kub metrgacha suv sig‘imiga ega havzalar qurib berish taklif etildi.
2027-yildan Qashqadaryoda aholi xonadonlarida boqilayotgan chorva uchun ozuqa xarajatlarining 10% ini subsidiyalash tizimini sinov tariqasida joriy etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, ozuqabop ekinlar urug‘iga bo‘lgan ehtiyojning 95% i import hisobidan qoplanayotgani sababli, Qashqadaryoda Misr olimlari bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot va urug‘chilik markazlari tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ularda mahalliy iqlimga mos, serhosil va qurg‘oqchilikka chidamli navlar yaratiladi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston mol go‘shtining asosiy qismini Hindistondan import qilayotgani haqida yozgandi.
To‘qqiz oyda import qilingan 132 ming tonna mol go‘shtining 55,9 ming tonnasi Hindiston hissasiga to‘g‘ri keldi.