Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Taqdimotda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning respublikadan mahallagacha bo‘lgan vertikal tizimini yaratishga alohida e’tibor qaratildi.

Hududlarda biznes inkubatorlari va loyiha ofislari, tumanlarda mikro, kichik va o‘rta biznesga ko‘maklashish markazlari ochish hamda tadbirkorlarga “bir darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish taklif etildi.

Hokim yordamchilari faoliyatini baholashda miqdor ko‘rsatkichlaridan sifat ko‘rsatkichlariga o‘tiladi. Bunda tashkil etilgan korxonalarning barqaror ishlashi, yaratilgan ish o‘rinlarining doimiyligi va tadbirkorlar tovar aylanmasining o‘sishi asosiy mezon bo‘ladi.

Shuningdek, hududlarda umumiy qiymati 81 trln so‘mlik 1 000 ta loyihani amalga oshirib, 320 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Mahallalarning ixtisoslashuvi asosida kooperatsiyani rivojlantirish, tomorqa va ijara yerlarida yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirish ham ko‘zda tutilgan.

Taklif etilayotgan choralar natijasida 2030-yilgacha quyidagilarga erishish maqsad qilingan:

  • mikro, kichik va o‘rta korxonalarning yirikroq toifaga o‘tish sur’atini ikki barobar oshirish;
  • sektorning aholi bandligidagi ulushini 80% ga, o‘rta sinf ulushini 90% ga yetkazish;
  • norasmiy bandlikni qisqartirish.

Shuningdek, tadbirkorlik kreditlarida kafolat va kafillik asosida berilganlar ulushini 1% dan 12% ga, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari va bozordan jalb qilinadigan qarzlar ulushini 17% dan 35% ga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Taqdimotda bandlik xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish, kasbiy malakani baholash va xalqaro sertifikatlash tizimini rivojlantirish, rasmiy ish o‘rinlarini ko‘paytirish zarurligi qayd etildi.

Mutasaddilarga mehnat qonunchiligini takomillashtirish, mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishni soddalashtirish va davlat mehnat nazoratini yaxshilash bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.

Avvalroq Bosh prokuratura hokim yordamchilari va bankirlar faoliyatidagi to‘siqlarni bartaraf etishga ko‘maklashishi haqida xabar berilgandi.