Tadbirkorlar Toshkent viloyatida turizm obyektlari qurish uchun imtiyozli yer ajratishni so‘radi. Bu haqda Hukumat komissiyasining turizm sohasi investorlari va tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda so‘z bordi.

Muloqotda Wyndham Garden Toshkent mehmonxonasi kuzatuv kengashi raisi Parkent, Bo‘stonliq, Angren va Olmaliq hududlarida turizmni rivojlantirish uchun yerlarni imtiyozli shartlarda ajratishni so‘radi.

“Yerlar nol qiymatda yoki arzonlashtirilgan tariflar asosida ajratilsa, yoxud ularning qiymatini besh-o‘n yilga bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratilsa, biz turistik obyektlar qurardik”, — dedi u.

Uning aytishicha, ayrim hududlarda turistik obyektlar qurish uchun jozibador joylar mavjud bo‘lsa-da, ular davlat zaxirasiga olinmagani yoki o‘rmon xo‘jaligi tasarrufida ekani sababli yer ajratish masalasida qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov turizm obyektlari qurish mumkin bo‘lgan yerlarni ko‘rsatadigan onlayn platforma yaratishni taklif qildi. Unga ko‘ra, tadbirkor platforma orqali o‘ziga ma’qul hududni tanlab, ariza yuborishi mumkin bo‘ladi. Yer egasi esa bir hafta ichida arizaga javob berishi, rad etilgan taqdirda sababini asoslab berishi kerak.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Turizm qo‘mitasi va hududiy hokimliklar bilan birgalikda turizm uchun istiqbolli joylarni aniqlash bo‘yicha ishchi guruh tuzishni topshirdi.

Uning ta’kidlashicha, ayrim chekka hududlarda infratuzilma yaratish va investorlarni jalb qilish uchun qo‘shimcha yengilliklar berish mumkin. Biroq yer ajratishda ekologik talablar ham hisobga olinishi lozim. U buni “tirik jarayon” deb baholab, mexanizmni ishlab chiqishda yashil hududlarga e’tibor berishga chaqirdi.

“Tadbirkorlar to‘g‘ri tushunishlari kerak, hamma joyga ham [turizm uchun ruxsat] berib bo‘lmaydi. O‘ziga yarasha, masalan ekologiya bilan bog‘liq masalalar bor”, — dedi Xodjayev.

davron vahobov, jamshid xodjayev, turistik obyektlar, turizm, turizm qo‘mitasi

Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulovning ma’lum qilishicha, prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, viloyat hokimi qarori bilan hozirgacha 1,2 ming gektar yer zaxiraga olingan. 20-noyabr kuni davlat rahbari ishtirokida Parkentda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bu maydonga yana 5 ming gektar qo‘shish topshirildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlarni yangi ajratiladigan hududlar bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishga chaqirdi. Aqqulovning aytishicha, hozir ishchi guruhlar qo‘shimcha yerlarni shakllantirish ustida ishlamoqda va tadbirkorlarning qiziqish bildirgan lokatsiyalari ham hisobga olinishi mumkin.

Avvalroq Spot Kumushkonda Silver Valley oilaviy dam olish majmuasi ochilgani haqida yozgan edi.