O‘zbekistonda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida qurib bitkazilgan va qurilishi davom etayotgan obyektlar haqidagi ochiq ma’lumotlarni ko‘rish xizmati ishga tushirildi. Bu haqda portal axborot xizmati ma’lum qildi.

Xizmat ko‘p qavatli uylar, yakka tartibdagi uy-joylar hamda madaniyat, san’at va turizm kabi 30 dan ortiq yo‘nalishdagi obyektlarni qamrab oladi.

Portal orqali quyidagilar haqida ma’lumot olish mumkin:

  • obyektning nomi, manzili, toifasi va foydalanishga topshirish muddati;
  • qavatlar va xonadonlar soni, umumiy maydoni va loyiha qiymati;
  • buyurtmachi, loyihachi va pudratchi tashkilotlar haqidagi ma’lumotlar.

Bundan tashqari, obyektning qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlarni yuklab olish mumkin. Bular Arxitektura-shaharsozlik kengashi xulosasi, ekspertiza xulosasi va qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun berilgan ruxsatnoma.

Xabarda xizmat ayniqsa ulushli qurilish asosida yangi uylardan xonadon sotib olayotganlar uchun mo‘ljallangani aytilgan. Ular pul to‘lashdan oldin qurilishning ruxsatnomalari va muddatlarini o‘zlari tekshira oladi.

Xizmatdan ushbu havola orqali foydalanish mumkin.

Avvalroq Yagona portalda foydalanuvchilarga o‘z nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalari haqidagi ma‘lumotlarni bir joyda ko‘rish imkonini beruvchi yangi xizmat ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi.